AsosiyJamiyat

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni nega aynan 1 iyunda nishonlanadi?

'Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni nega aynan 1 iyunda nishonlanadi?'ning rasmi

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni 1949 yil Parijda bo`lib o`tgan Ayollar xalqaro demokratik federasiyasining kongressida ta`sis etilgan bo`lib, 1950 yildan boshlab nishonlanib kelmoqda.

Nega shunchaki bolalar kuni emas, bolalarni himoya qilish kuni deb atalgan? Bolalarni aynan nimalardan himoya qilish kerak? O`sha paytlar – Ikkinchi jahon urushi endigina tugagan yillari – bolalarning hayoti, salomatligi va xotirjamligini asrash, ular uchun normal turmush sharoitlarini yaratib berish masalasi juda dolzarb edi. Ammo turli tahdidlar, ekologik, siyosiy va ijtimoiy muammolar bilan yashayotgan zamonaviy dunyoda ham bolalar himoyaga muhtoj.

Nega aynan 1 iyun? 1949 yilgi Ayollar kongressining aynan shu kuni chaqirilishida o`ziga yarasha ramziy ma`no bor.

1925 yil 1 iyun kuni Jenevada bolalarning farovon turmush kechirishi masalalariga bag`ishlangan xalqaro konferensiya o`tkazilgan bo`lib, bu insoniyat tarixida bolalar masalalariga bag`ishlangan ilk xalqaro tadbir edi.

Bayramning o`z simvolikasi bor. O`sish, rivojlanish, yangilik, uyg`unlik va hosildorlik ramzi bo`lgan yashil fonda Er kurrasi aks etgan. Kurraning atrofida qizil, sariq, ko`k, oq va qora rangli bolalar joylashtirilgan. Bu rang-baranglik va toqatlilik ramzidir. Markazdagi Er shari esa bizning umumiy uyimizni anglatadi.

Bolalarni himoya qilish kuni faqat kichkintoylar o`ynab-kulib, xursandchilik qiladigan bayram emas. Butun dunyoda shu kuni jamiyatga bolalar muammolari eslatiladi, ularning himoyasi va barkamol avlod bo`lib etishishi uchun kattalar zimmasiga yuklatilgan mas`uliyatlar ta`kidlanadi.

    Boshqa yangiliklar