Farg`ona viloyati Oltiariq tumanida joriy yilning fevral oyida 5 yoshli qizni yo`qolishi va keyinchalik uning vafot etgan holda topilishi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ancha shov-shuvga va turli xil gap-so`zlarga sabab bo`ldi. Xo`sh, aslida nima bo`lgan edi? Mudhish jinoyat qanday sodir etildi? Bog`cha tarbiyalanuvchisining o`limida aybdor kim?
Mazkur holat bo`yicha Farg`ona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan, deb xabar bermoqda O`zA.
Dastlabki tergov natijasiga ko`ra, Qo`shtepa tumanida yashovchi 1998 yilda tug`ilgan Akmal Abdurahmonov Oltiariq tumani Poloson mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi 5 yoshli Kibriyo G`offoralievani 2018 yil 5 fevral kuni o`zi qatnaydigan 6-maktabgacha ta`lim muassasasidan chiqib ketayotganida o`g`irlagan. U o`zining velosipedida Oltiariq tumani Tinchlik mahallasi hududidan o`tgan Toshkent-Marg`ilon-Andijon yo`nalishidagi temir yo`lning 244 kilometr 6-piketida atrof qorong`u bo`lishiga qaramay, qizchani qarovsiz holda tashlab ketgan.
Qarovsiz qolgan K.G`offoralieva temir yo`ldan o`tib borayotgan 62- poezdning bo`rtib chiqqan qismlariga urilib, hayoti uchun xavfli bo`lgan ko`plab tan jarohatlari olishi oqibatida voqea joyida vafot etgan. Ichki ishlar idoralari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv davomida mazkur jinoyatni sodir etgan A. Abdurahmonov qo`lga olingan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Toshloq tuman sudi ayni paytda A.Abdurahmonovga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqmoqda.
– Mazkur jinoyat ishida sudlanuvchi A.Abdurahmonov og`ir oqibatlarga sabab bo`lgan odam o`g`irlash hamda odamning o`limiga olib kelgan hayoti yoki sog`lig`i xavf ostida qolgan va o`zini-o`zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo`lgan shaxsni xavfli ahvolga solib qo`yish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda, – deydi jinoyat ishlari bo`yicha Toshloq tuman sudi raisi Azamat Habibullaev. – Sudlanuvchi tegishlicha Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam o`g`irlash) va 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) jinoyatlarini sodir etganlikda ayblangan.
Sudlanuvchi A.Abdurahmonovga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Murg`ak bir qizcha bevaqt hayotdan ko`z yumdi. Maktabgacha ta`lim muassasi tarbiyalanuvchisining o`limi hamda sodir etilgan bu mudhish jinoyat barchani junbushga keltirdi.
Jinoyat ishini sud majlisida ko`rish boshlanib, hozirgi kunda sud tergovi davom etmoqda. Albatta sud bunga o`zining adolatli hukmini chiqaradi.






