“Virtual sevgi” – internet ijtimoiy tarmoqlarida bir-biriga nomahram bo`lgan yigit va qizlarning o`zaro suhbatlashishi, bir-biriga shahvatni uyg`otuvchi gap-so`zlarni aytishi, o`zining rasmlarini bir-biriga yuborishi bo`lib, ayrim hollarda, bu ish oilalilar o`rtasida bo`lyapti va qanchadan qancha oilalar buzilib ketishi sodir bo`lmoqda.
Afsuski, jamiyatimizda bu kabi illatlar ko`payib bormoqda. Bu illat katta yoshdagilarning ham, o`rta yoshdagilarning ham, ayniqsa, yoshlarning axloqiy buzilishiga olib kelmoqda. Bu muammoning echimi bormi? Quyida shu haqida so`z yuritamiz.
Ijtimoiy tarmoqlarning ko`plab foydalari bor. Masalan, oila a`zolar, ota-ona, qarindoshlar va do`stlar bilan muloqot qilish imkonini beradi. Shu bilan birga uning xatarli tomonlari ham bor. Ko`pchilik odamlar bu jihatiga e`tibor qilmaydilar. Uning katta xatarlaridan biri – “virtual sevgi”lardir.
Nomahramlar bir-birlarining suratlariga qarashi his-tuyg`uni boshqaruvchi miyadagi ko`plab hujayralarning halok bo`lishiga olib keladi. Profillarda yigit va qizlarning suratini ko`rish va boshqalarga yuborishning osonligi hamda yoshlarda bekorchilikning avj olgani harom aloqalarning ko`payishiga sabab bo`lmoqda. Virtual tanishuv borib-borib real ko`rishuvga, u esa zinoga olib kelmoqda. Bu narsa yoshlarning bugungi kunini ham, kelajagini ham barbod qiladi. Vaqtlar zoe bo`lmoqda, avratlar ochilmoqda, oilaviy, shaxsiy ma`lumotlar tashqariga chiqib ketmoqda.
Olimlar allaqachon isbotlashganki, yigit qizga shahvat nazari bilan qarasa, miyasida muayyan garmonlar ishlab chiqarila boshlaydi. U garmonlar jinsiy aloqaga mas`ul hisobalanadi. Yurak ham bu paytda tez urib, ko`p qonni o`tkazadi. Bu jarayon qisqa muddatda sodir bo`ladi. Shuning uchun begona ayol-qizlarga qarashdan butunlay tiyilish kerak. Bu tiyilish, yuqorida aytilganidek, miya garmonlarni bevaqt ishlab chiqarishining oldini oladi. Yurakni ham bir maromda ishlashiga bois bo`ladi. Ko`zni tiyish kishini bir umrlik nadomat, turli jinsiy, ruhiy va boshqa kasalliklardan, harom ishlardan tiyilishiga sabab bo`ladi.
Ijtimoiy tarmoqlarga kirgan kishi foydali narsalarni ko`rish va o`qishni niyat qilishi kerak.
Birgina tugmani bosish bilan Alloh harom qilgan narsaga ko`zi tushadi. Allohning amriga bo`yinso`nish kerak va o`sha tugmani bosmaslik kerak. Alloh taolo Qur`oni Karimda shunday degan:
“Sen mo`minlarga ayt, ko`zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir” (Nur surasi, 30-oyat).
Haromga undagan nafsning xohishiga yurmay, sabr qilish ulkan savobni qo`lga kiritishga sabab bo`ladi. Alloh taolo mana bu oyatda shunday degan:
“Albatta, Men bugun ularni sabr qilganlari uchun mukofotladim. Albatta, ular o`zlari yutuqqa erishguvchilardir” (Mo`minun surasi, 111-oyat).
Agar siz haromga nazar solishdan o`zingizni tiysangiz, bundan maqsadingiz Allohning buyrug`iga itoat qilish, qiyomat kuni Uning huzurida turishdan qo`rqish bo`lsa, siz mana bu oyatda va`da qilingan mukofotga erishasiz, insha Alloh.
Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:
“Va, ammo kim Robbisining maqomidan qo`rqqan va o`z nafsini havolanib ketishidan qaytargan bo`lsa. Bas, albatta, jannat o`rin bo`ladir” (Noziot surasi, 40-41-oyatlar).
Qizlarning suratiga har qancha nazar solsangiz ham, bir kuni baribir vafot etasiz. Qabringizda va Oxiratda sizga as qotadigan narsa amalingizdir. Shunday ekan, sizga qanday amal hamroh bo`lishini o`zingiz tanlang!
Alloh taolo qaytargani uchun haromga qarashdan tiyilgan ko`zni do`zax o`ti yondirmaydi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Uch kishi borki, ularning ko`zlari do`zaxni ko`rmaydi. Bular: Allohning yo`lida qo`riqchilik qilgan ko`z, Allohdan qo`rqib yig`lagan ko`z va Alloh harom qilgan narsalarga boqishdan tiyilgan ko`z”. Imom Tabaroniy rivoyat qilganlar.
Haromga nazar solishdan tiyilish iymonning ziyoda bo`lishiga va qalbda halovat tuyilishiga sabab bo`ladi. Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Agar sen Alloh azza va jallaning roziligi uchun biror ishni tark etsang, Alloh uning o`rniga sen uchun undan yaxshirog`ini beradi”. Imom Ahmad rivoyati.
Mabodo harom narsaga qarab qo`ysangiz, qalbingizga shayton “Endi tavba qilsang ham foydasi yo`q”, “Endi solih amal qilsang ham foydasi tegmaydi” yoki “Mana bun gunohni ham qil. Keyinroq tavba qilib olasan”deb vasvasa qilishiga yo`l qo`ymang! Bu vasvasaga quloq solsangiz, u sizni gunohning domiga battar tortadi va ahvolingizni og`irlashtiradi. Shuning uchun siz darhol tavba qilishingiz va gunohdan tiyilib, solih amallar qilishga o`tishingiz kerak. Agar siz tavbada bardavom bo`lsangiz, borib-borib ma`siyatni yomon ko`radigan, undan nafratlanadigan bo`lib qolasiz.
Haromga qarash zinoning turlaridan biri ekanini bilishingiz kerak. Chunki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Ko`z ham zino qiladi. Uning zinosi nazardir” deganlar. Agar siz bir ayolga shahvat bilan qarasangiz, ko`zingiz zino qilgan hisoblanadi. Chunki, ko`z nomahram ayolga shahvat bilan qaragan paytda tanada haqiqiy zino paytida bo`ladigan jarayonlar kechadi. Ya`ni ba`zi garmonlarning ishlab chiqarilishi, zinoga tayyorlanishi kabi. Shuning uchun ham Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Farj uni yo tasdiqlaydi yoki yolg`onga chiqaradi” deganlar.
Yuqoridagilarni o`qib chiqdingiz. Endi ko`zingizni haromga tikishdan tiyasizmi? Yoki yana qaraysizmi? Alloh taolo bu ko`zni ibodat sanalgan narsalarga qarashga, qarash orqali ham savob olishga buyurgan. Shuning uchun ko`zingizni Allohning Kalomi – Qur`onga qarashga o`rgating. Bundan tashqari ota-ona, ahli ayol, farzandlar, do`stlar va ustozlarning yuzlariga samimiy tabassum bilan boqishga o`rgating. Mana shunda ajru savob olasiz.
muslim.uzdan olindi






