AsosiyJamiyat

O`zbeklar matonatiga bag`ishlangan kitob-albom nashr etiladi

'O`zbeklar matonatiga bag`ishlangan kitob-albom nashr etiladi'ning rasmi

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g`alabaga O`zbekiston xalqining qo`shgan munosib hissasiga bag`ishlangan kitob-albom nashr etiladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 mayda “Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g`alabaga O`zbekiston xalqining qo`shgan munosib hissasiga bag`ishlangan kitob-albomni nashr etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoyishi qabul qilindi.

Hujjatda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g`alabaga O`zbekiston xalqining qo`shgan munosib hissasi hamda ushbu tarixiy voqeaning 2020 yilda nishonlanadigan 75 yilligiga bag`ishlangan kitob-albomni nashr etish nazarda tutilgan.

Mazkur kitob-albomni tayyorlash va nashr etish ishlarini muvofiqlashtirish bo`yicha Tashkiliy qo`mita tarkibi tasdiqlandi.

Tashkiliy qo`mita respublika va xorijiy mamlakatlardagi arxiv va muzeylarda saqlanayotgan mavzuga oid tarixiy hujjatlarni to`playdi va o`rganadi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi davrida frontda qatnashgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizdan ularning xotiralarini yozib olish, shaxsiy albom va kutubxonalarida saqlanayotgan tarixiy materiallarni to`plash ishlarini olib boradi. Aholining shaxsiy kutubxonalarida saqlanayotgan, tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan hujjatlar, o`sha davrga oid noyob suratlarni to`plash va nashrga tayyorlash kabi tashkiliy ishlarni bajaradi.

Ushbu kitob-albomni nashr etishdan maqsad xalqimizning 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk g`alabaga qo`shgan munosib hissasini tarixiy hujjatlar asosida ko`rsatish, fashizmga qarshi janglarda qatnashgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, yosh avlodni mardlik, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalashdir.

    Boshqa yangiliklar