AsosiyJamiyat

Namanganda “muallaq” piyodalar o`tish yo`lagi paydo bo`ldi

'Namanganda “muallaq” piyodalar o`tish yo`lagi paydo bo`ldi'ning rasmi

Namangan shahri ko`chalarida muallaq, ya`ni havoda osilib turgandek ko`rinadigan piyodalar o`tish yo`lagi paydo bo`ldi. Bu xaqda O`zA xabar bermoqda.

Bu ko`prik yoki shunga o`xshash biror moslama bo`lsa kerak, degan xulosa chiqarishga shoshilmang. Bu yo`lak shahar ko`chalarida asfalt ustiga chizib qo`yiladigan, haydovchilar yoki yo`l harakati xavfsizligi xodimlari tili bilan aytganda “zebra” chizig`idir.

– Prezidentimizning barcha sohalarda innovasion g`oya va loyihalar joriy etilishiga qaratayotgan e`tibori meni shu g`oya ustida izlanishga undadi va izlagan narsamni topdim, – deydi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo`l harakati boshqarmasi yo`l nazorati bo`linmasi boshlig`i, katta leytenat Elmurod Komilov. – Dastlab qog`ozga tushirib taqdim etilgan loyiha rahbariyat tomonidan ma`qullanib, sinov tariqasida bir-ikki joyda amalga oshirish tavsiya qilindi.

Mazkur innovasion g`oyaning mohiyati shuki, piyodalar o`tish yo`lagi uzoqdan kelayotgan avtomashina haydovchisi ko`ziga muallaq turganday bo`lib ko`rinadi va haydovchi hushyorligini oshirib, tezlikni kamaytiradi, natijada piyodalar yo`ldan xotirjam o`tishlari imkoniyati ortadi. Bunday effekt “zebra”ni asfaltga 3D formatda tushirish orqali erishiladi. Chiziqlarining erdan ko`tarilib turganday ko`rinishi soyalar yordamida hosil qilinadi. Buning uchun odatdagi oq buyoqdan tashqari, qora hamda kulrang bo`yoqning ikki xil kombinasiyasi talab etiladi.

Shunday piyodalar o`tish yo`lagining dastlabki ikkitasi Namangan shahrining Oromgoh va Nodim Namangoniy ko`chalarida joriy qilindi.

11.jpg

– Avvaliga ko`zlarimga ishonmay, mashinamni to`xtatib, pastga tushib chiziqni oldiga borib ko`rdim, – deydi haydovchi Ahadxon Usmonov. – Odatdagi chiziq ekan. Lekin juda o`xshatishibdi, haydovchini ancha hushyor tortirar ekan.

– Piyodalar o`tish joyida sodir bo`ladigan ko`ngilsiz hodisalarni teng yarmiga kamaytirish imkonini beradigan bu loyihani yanada takomillashtirish borasida izlanayapmiz, – deydi Elmurod Komilov.–Ya`ni, chiziq va soyalarga termoplast ashyo bilan ishlov berilsa, ular tunda ham yaqqol ko`rinadigan bo`ladi. Hozircha shaharning 8 tartibga solinmagan o`tish joyida shunday o`tish yo`laklari bo`ladi. Jami 40 dan ziyod shunday yo`laklarga yangi texnologiya bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

    Boshqa yangiliklar