Mamlakatimizga oqib kelayotgan suv resurslarining 80 foizdan ortig`i Qirg`iston va Tojikistondagi qorlar va muzliklar hisobidan shakllanadi. Ularning suv resurslarini o`zboshimchalik bilan, bir tomonlama boshqarishi oqibatida sun`iy suv tanqisligi kuzatilayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
O`zbekiston suv xo`jaligi vaziri Shavkat Hamroev bunday vaziyatda ko`rilayotgan choralar haqida O`zAga ma`lum qildi.
— Dunyoning ko`pgina qismida, qolaversa, yurtimizda ham suvga bo`lgan talab ortib bormoqda. Shunga yarasha uning taqchilligi ham yil sayin oshib bormoqda. Misol uchun, 2000 yilgacha kam suvli mavsum har 6-8 yilda bir marta kuzatilgan bo`lsa, keyingi yillarda bu jarayon har 3-4 yilda takrorlanmoqda.
Bundan kerakli xulosa chiqargan holda yurtimizda suv resurslaridan tejamli va samarali foydalanish asosida sug`oriladigan maydonlardan olinadigan hosil miqdorini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, sifatini yaxshilash hamda ichki bozorni to`ldirish orqali aholi turmushini yanada yaxshilash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bugungi kunda suv resurslaridan foydalanish 80 - yillarga nisbatan 20 foizga kamaydi. 1 gektar sug`oriladigan maydonga 90 - yillarda 18 ming metr kub ishlatilgan bo`lsa, bugungi kunda bu ko`rsatkich 40 foizga kamaydi. Bunday samaradorlikning bosh omili esa joylarda suv tejovchi texnologiyalarning keng qo`llanilishi.
Kelgusida ham iste`molchilarga o`z vaqtida kafolatli suv etkazib berish, sug`orish tarmoqlaridagi texnik yo`qolishlarning oldini olish borasidagi izlanishlar davom ettiriladi.






