Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi “Jartepa” chegara bojxona posti xodimlari mamlakatimizga giyohvandlik moddasini bojxona nazoratidan yashirib, qonunga xilof ravishda kontrabanda yo`li bilan olib kirmoqchi bo`lgan shaxsning qilmishini fosh etishdi.
Qo`shni respublika fuqarosi A.A. boshqaruvidagi “Mersedes Bens 180” rusumli engil avtomashina belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganida, haydovchi o`rindig`i ostidagi to`shama tagida qog`ozga o`ralgan holatda 0,7 gr. “marixuana” giyohvandlik moddasi yashirilganligi aniqlandi.
Yaqinda mazkur holat yuzasidan sud majlisi bo`lib o`tdi. Unda sudlanuvchi giyohvandlik moddasi iste`mol qilmasligini bayon qilgan bo`lsada, ammo Samarqand viloyat sud tibbiy ekspertiza byurosining xulosasiga ko`ra A.A.ning organizimida tetragidrokannabinoidlar (nasha, marixuana) topilgan.
Sud sudlanuvchi A.A.ning sodir qilgan jinoyatini qasddan sodir etilgan og`ir jinoyat deb hisoblab, uning muqaddam sudlanmaganligini, oilali bo`lib, qaramog`ida 2 nafar voyaga etmagan farzandlari borligini e`tiborga olgan holda tegishli qarorni chiqardi.
Unga ko`ra sudlanuvchi A.A.ga nisbatan eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi va O`zbekiston Respublikasiga kelish huquqidan 10 yilga cheklandi.
Uning boshqaruvidagi “Mersedes Bens 180” rusumli avtomashina davlat foydasiga musodara qilindi va topilgan “marixuana” giyohvandlik vositasi tegishli tartibda yo`q qilindi, deb xabar berdi qo`mita axborot xizmati.






