O`zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan poytaxtimizdagi Uchtepa tumanida joylashgan 431-sonli Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta`lim muassasasida 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag`ishlab bayram tadbiri o`tkazildi.
Mazkur muassasada ruhiy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bo`lgan 3 yoshdan 7 yoshgacha bo`lgan bolalar ta`lim olishadi.
1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil qilingan musiqiy sport bayrami tadbirida O`FA Muxlislar bilan ishlash va sport tadbirlarini tashkil qilish bo`limi boshlig`i Fazliddin Hojimuhamedov hamda O`zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Odil Ahmedov ishtirok etishdi.
Odil Ahmedov bolalar bilan turli futbol mashqlari va qiziqarli konkurslar o`tkazib, bolajonlarga quvonch ulashdi. Tadbir davomida muassasa tarbiyalanuvchilariga O`zbekiston futbol assosiasiyasining sovg`alari topshirildi.
O`z o`rnida 431-sonli Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta`lim muassasasi mudirasi Musaeva Dilnoza Mirzoxidovna O`zbekiston futbol assosiasiyasiga minnatdorchilik bildirib, kelgusida yana shunday tadbirlarda qatnashishga taklif qildi. 









