Prezidentning 30.05.2018 yildagi «Qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizasiya va servis xizmatlarini ko`rsatish samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori qabul qilindi.
2018 yilning 1 oktyabriga qadar “Avtosanoat Agrotexservis” MChJ va “O`zagroservis” AJ mashina-traktor parklari tizimini optimallashtirishni amalga oshirish rejalashtirilayotir. Bu taomil qanday bo`lishi Hukumat qarori chiqqandan keyin aniq bo`ladi, u ikki oy muddatda ishlab chiqiladi.
2018 yil 1 iyuldan boshlab “O`zagroservis” AJ “O`zagrotexsanoatxolding” AJ tashkiliy tuzilmasidan chiqadi va Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini, engil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.
2018 yil 1 noyabrdan boshlab quyidagilar orqali mashina-traktor parklarini boshqarishning eng samarali shaklini tanlash bo`yicha eksperiment (keyingi o`rinlarda – eksperiment) o`tkazish boshlanadi:
- “O`zagroservis” AJning 26 ta mashina-traktor parkini tadbirkorlik sub`ektlariga sotish;
- “O`zagroservis” AJning 3 ta mashina-traktor parkini davlat unitar korxonalariga (keyingi o`rinlarda – “Tuman MTP” DUK) aylantirish.
Eksperimentda ishtirok etuvchi tashkilotlarga quyidagilarni ta`minlash tavsiya etildi:
- mashina-traktor parklari tomonidan ko`rsatiladigan mexanizasiya va servis xizmatlari ro`yxatini kengaytirish, jumladan, yuk va engil avtotransport vositalariga hamda texnikaning boshqa turlariga servis xizmatlari ko`rsatishni yo`lga qo`yish;
- mashina-traktor parklari faoliyatiga investorlarni, jumladan, ularga xonalar, bino va inshootlarni ijaraga berish hamda mashina-traktor parki hududida birgalikda tadbirkorlik faoliyatini olib borish yo`li bilan jalb qilish;
- tegishli mashina-traktor parklarining jihozlarini modernizasiya qilish, shuningdek, mexanizasiya va servis xizmatlarini ko`rsatish uchun zarur bo`lgan jihozlarning yangi zamonaviy turlarini sotib olish.
Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 yanvarga qadar o`tkazilgan eksperiment natijalari bo`yicha mashina-traktor parklarini boshqarishni tashkil etishning eng samarali shaklini qo`llash bo`yicha asoslangan taklif ishlab chiqadi.
2018 yil 1 iyuldan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga mexanizasiya va servis xizmatlari ko`rsatish faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi.






