AsosiyJamiyat

​Sankt-Peterburgdagi xalqaro kongress qatnashchilariga “KATTA LANGAR QUR`ONI” ko`rsatiladi

'​Sankt-Peterburgdagi xalqaro kongress qatnashchilariga  “KATTA LANGAR QUR`ONI” ko`rsatiladi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, 2018 yilning 6-8 iyun kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “O`zbekiston madaniy merosi-xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” Ikkinchi Xalqaro Kongressi bo`lib o`tadi.


Tadbir davomida Qur`oni Karimning Er yuzidagi eng mo``tabar nusxalardan biri “Katta Langar Qur`oni” nomi bilan ataladigan sahifalari Sankt-Peterburgda namoyish etaladi.

Eslatib o`tamiz, “Katta Langar Qur`oni” Toshkent va Buxoro shaharlarida, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida va Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qo`lyozmadir.

Qo`lyozmaning bizgacha etib kelgan eng katta qismi – 81 sahifasi bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo`lyozmalari institutida saqlanadi. Ushbu kitobni chuqur tadqiq etgan rossiyalik olim, tarix fanlari doktori, professor Efim Anatolevich Rezvanning yozilishicha, ushbu qo`lyozmaning yaratilishi VIII asrning oxirgi choragida, arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrga to`g`ri keladi. Mashhur sharqshunos, akademik I.Yu.Krachkovskiy o`zining “Arab qo`lyozmalari ustida” kitobida yozishicha, bu qo`lyozma 1936 yilda insttutut tomonidan notanish keksa ayoldan sotib olingan.


Mazkur qo`lyozma matni sayqallangan hayvon terisi – pergamentga bitilgan. Sahifalarning o`rtacha hajmi 52,5x34,0 sm.ni tashkil etgan. Matnlar arab alifbosining eng qadimiy turlaridan bo`lgan ko`fiy-hijoziy xatida bitilgan. Sahifalarning ayrimlari juda yaxshi saqlangan, ba`zilariga, ayniqsa sahifalarning burchaklariga jiddiy zarar etgan. Qo`lyozmaning charm muqovasi XIV asrga tegishli. XVII asr o`rtalarida u qayta ta`mirlangan. Muqova hamda sahifalarni bir-biriga mustahkam biriktirish maqsadida arab tilidagi matnlar bitilgan qog`ozlar yopishtirilgan. Ushbu matnlarning asosiy qismini biroz dag`alroq shaklda, nasx va nasta`liq xatida bitilgan Qur`on oyatlari tashkil etadi.

Qo`lyozmaning Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qismida Qur`oni Karimning 44 ta surasi oyatlari (shundan 22 tasi to`liq) o`rin olgan. Dastxatdagi farqlarga qaraganda, bu qo`lyozma ikkita kotib tomonidan ko`chirilgan. Kitob hajmining kattaligini hisobga olsak, uni teng ikkiga bo`lgan holda ko`chirishgan deb taxmin qilish mumkin.

    Boshqa yangiliklar