Jizzax shahrida joylashgan 29-sonli Mehribonlik uyining 95 nafar tarbiyalanuvchilariga Baxmal tumanida joylashgan harbiy qismlardan birining harbiy xizmatchilari tomonidan maktab kiyimlari topshirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Mehribonlik uyiga kelgan mehmonlar musiqa, raqs, tikuvchilik, rassomchilik hamda sportning yakkakurash, boks turlari bo`yicha tashkil etilgan to`garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bolajonlarga kelajakda kuchli, ziyrak va irodali bo`lish uchun tavsiyalar berdi. Tarbiyalanuvchilar tomonidan chizilgan suratlar va tikilgan milliy liboslar ko`rgazmasi harbiylar hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillarida katta qiziqish uyg`otdi. Mazkur dargoh rahbari Norqul Tog`aev yurt himoyachilari bilan suhbatda bolalar orasida harbiylik sohasiga qiziqayotgan o`quvchilar ko`pchilikni tashkil etayotgani, ulardan 8 nafari hozirgi vaqtda “Temurbeklar maktabi”da tahsil olayotgani haqida gapirib berdi.

Tadbir so`ngida to`garak a`zolari tomonidan milliy kuy-qo`shiq va raqslar ijro etildi.








