Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “Kuala Lumpur – Toshkent” yo`nalishida parvozini yakunlagan fuqaro Y.N. bojxona nazoratidan o`tayotganda bojxona deklarasiyasida o`zi bilan 4 turdagi 20 dona yovvoyi qushlar hamda 10 bosh bengal yovvoyi o`rmon mushugini olib kelayotganini qayd etadi.
Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabariga ko`ra, ushbu shaxs noyob turdagi hayvonlarni olib kirishda O`zbekiston Respublikasining amaldagi qonun normalariga rioya qilmagan.
Davlat ekologiya qo`mitasi ekspertlarining xulosasiga ko`ra, olib kelingan 2 turdagi 4 dona to`ti hamda 10 bosh bengal yovvoyi o`rmon mushugi bolalalari yo`q bo`lib ketish xavfi ostidagi hayvonlar turkumiga kiradi. Shu sabab, bu turdagi hayvonlarni bojxona chegarasi orqali olib o`tishda xalqaro “SITES” ruxsatnomasi bo`lishi lozim edi.

Xalqaro normalarga ko`ra, yovvoyi hayvonlarni tashish uchun mo`ljallangan konteynerlar muayyan talablarga javob berishi, har bir qafasga jonivorlar 1 donadan joylashtirilishi, ularda em va suvdon, ventilyasiya teshiklari bo`lishi zarur.
Tashish qoidalariga to`liq rioya etilmagani boshqa jonivorlarga ham o`z ta`sirini o`tkazmay qolmadi. Toshkent hayvonot bog`i xodimlarining sa`y-harakatlariga qaramay, keyinchalik 7 bosh bengal yovvoyi o`rmon mushugi bolalalari va 2 turdagi 8 dona yovvoyi qushlar ham yashab qololmadi.






