Prezident Shavkat Mirziyoev oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni isrofgarchilik va dabdabaga yo`l qo`ymasdan, shinam tarzda o`tkazish bo`yicha bir necha bor topshiriqlar bergan edi. Shu asosda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan «To`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish to`g`risida»gi qaror qabul qilindi.
Qoraqalpog`iston Respublikasida ham oilaviy tadbirlarni o`tkazish yo`nalishida shakllangan o`ziga xos urf-odat va an`analar aholi ishtirokida o`rganib chiqildi. Jo`qorg`i Kengesning qarori e`lon qilindi, deb yozadi O`zA.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Xotin-qizlar qo`mitasi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog`iston Respublikasi Kengashi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa muassasa va idoralarga, davlat va nodavlat tashkilotlarga to`y-hashamlar, oilaviy marosimlar o`tkazilishini tartibga solish bilan bog`liq masalalarni chuqur o`rganib chiqish topshirildi.
Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Kengashi boshlig`ining diniy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari Nurilla Jamalov:
– Xalqimizda «birov to`ngib sakrasa, birov to`yib sakraydi» degan dono gap bor. Bunday dabdababozlikning sababi ham to`yingandan, deb o`ylayman. Isrofgarchilikning ham uvoli bor. O`ylamasdan qilayotgan ishimizning bir kuni javobi ham bor. Misol uchun, bir vaqtlar suv serob bo`lib, meva-cheva, nonimiz ham ko`p bo`ldi. Lekin, shu vaqtlari nonning axlat orasida yotganining ko`p guvohi bo`lardik. Sobiq ittifoq vaqtida hukumatda ishlaydiganlarga davlat tomonidan har oyda oziq-ovqatlar bepul berilar edi. Non, go`sht va boshqa mahsulotlarni eb ulgurmay, ortib qolsa, hovlining chekkasiga ko`madiganlar ham bo`ldi. «Unaqa qilib isrof qilguningcha, qo`shnilaringa bersang bo`lmaydimi» desam «Yo`q, men bersam, nasibam unga o`tib ketadi» deb javob berganlarni ham uchratdik. Bu ishlar uchun ham jazo oldik, aholimiz bir necha bor suvsizlikni boshidan kechirgani, chigirtkalarning ko`payib ketib etilishib turgan hosilni yo`q qilgani bekor emas. Hozirgi vaqtda eng katta yutug`imiz – tinchligimizdir. Biz shu tinchligimizning qadriga etmay to`yib sakramoqdamiz.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog`iston Respublikasi Mahallalar Kengashi yoshlar tashkiloti etakchisi Aziz Xalmuratov:
– To`y va boshqa marosimlarimiz qadriyatlarimizning ko`zgusi. Shunday ekan to`y-bazmlarning, marosimlarning ixcham, xalqning manfaatlarini, milliy qadriyatlarimizni va urf-odatlarimizni hisobga olgan holda o`tkazilishini ta`minlash kerak. Yoshlarimiz o`rtasida ushbu tushunchani singdirish maqsadida targ`ibot ishlarini olib bormoqdamiz.
Ishlarimiz o`z natijasini berib, shunday marosimlarimizning tartibli, isrofgarchiliksiz o`tkazilishiga erishmoqdamiz. O`zbekiston aholisining 60 foizdan ortig`ini yoshlar tashkil etadi. Ular ertangi kunimizning egalari ekanligini hisobga olsak, birinchi navbatda yoshlarni to`g`ri yo`lga solib, obod kelajakni qurish yo`lini ko`rsatishimiz kerak.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi Ayjamal Nurjanova:
— Har qanday qiz voyaga etib, oq ko`ylak kiyishni orzu qiladi. Umrida bir marta bo`ladigan baxtli kunning esda qolarli bo`lishini xohlaydi. Yonidagi tengdoshlari, do`stlaridan kam bo`lgisi kelmay, dabdabali to`yning to`rida o`tirishni havas qiladi. Lekin, bir kunlik to`yning keyini baxtsiz turmush, hatto, ajrashuvlar bilan yakunlanayotganining ko`p guvohi bo`lmoqdamiz. To`g`ri, ota-onalar ham farzandi uchun borini sochadi. Bolalarim baxtli bo`lar, degan umidlar bilan to`y qiladi. Shunday bo`lsa ham, katta to`y-bazmlar ularning baxti uchun kafolat bo`lmaydi. Barchasi yoshlarning bir birini tushinib, totuv yashashiga bog`liq.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi bosh shtabining katta inspektori, mayor Murat Mirzamuratov:
– To`ylarimizni foydasiz urf-odatlardan xoli o`tkazishimiz darkor. To`ylarda urf bo`lgan «gulyanka» sababli qanchadan qancha fuqarolarimiz jismoniy va moddiy zarar ko`rmoqda. To`g`ri, shuning orqasidan ro`zg`orini tebratayotgan haydovchilar ham bor. Lekin, har qanday qing`ir ishning parchasi chiqadi. «Gulyanka»da avtomobil boshqarish tavakkal ish, kunlarning birida avtohalokat bilan yakunlanadi. Sababi bir-ikki soatlik «qidirishma» uchun to`y egalari ayrim paytlarda har bir avtomashinaga 500 AQSh dollarigacha pul to`lamoqda.
Menimcha, «gulyanka»ni umuman yo`q qilish kerak. Buning uchun dastlab ushbu maqsadda yo`lga chiqqan avtomashina boshqaruvchisini bir necha yilga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish va avtomashinani avtotransport qo`yish maydonchasiga joylashtirish kerak. Hozirgi vaqtda qo`llanilayotgan haydovchiga jarima solish choralarimiz natija bermayapti, aksincha jarimadan qutilish maqsadida avvalgidan ham qimmatroq narxda to`ylarga ko`proq buyurtma olmoqda.






