AsosiyJamiyat

Botir Parpievning bir qator qarindoshlari ishdan olindi

'Botir Parpievning bir qator qarindoshlari ishdan olindi'ning rasmi

Andijon viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Q.Parpiev ishdan olingan. Bu haqda Kun.uz xabar berdi. Qayd qilinishicha, Qodir Parpiev Davlat soliq qo`mitasi sobiq raisi Botir Parpievning ukasi hisoblanadi.

Shuningdek, manba xabariga ko`ra, Andijon shahar ichki ishlar bo`limi boshlig`i, polkovnik Shuhrat Parpiev ham ishdan olingan. U Botir Parpievning jiyanidir.

Bundan tashqari, Buxoro viloyati IIB boshlig`i o`rinbosari, polkovnik Anvar Parpiev lavozimidan ozod qilingan. U Botir Parpievning ukasi Qodir Parpievning o`g`li hisoblanadi.

Manba bergan xabarga ko`ra, «Asaka» aksiyadorlik tijorat banki Andijon viloyat filialining boshqaruvchisi Zafar Parpiev ham ishdan ketgan. Uning ham Botir Parpievga qarindoshligi aytiladi.

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi Konsullik huquqiy departamenti boshlig`i bo`lib ishlagan Dilshod Parpiev lavozimidan olingan. U Botir Parpievning o`g`lidir.

Botir Parpiev 1946 yilda Andijon viloyatida, milisiya general-mayori Rahmat Parpievning oilasida tug`ilgan. 1992-1996 yillarda Andijon viloyati IIB boshlig`i, 1996-1998 yillarda O`zbekiston IIV Yong`in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig`i, 1998-2002 – O`zbekiston ichki ishlar vaziri o`rinbosari, 2002 yilning iyun oyidan dekabr oyigacha – O`zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri, 2002-2004 – O`zbekiston Davlat bojxona qo`mitasi raisi bo`lib ishlagan, 2003 yilda bojxona xizmati general-leytenanti unvonini olgan. 2004 yildan buyon Davlat soliq qo`mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan.

Eslatib o`tamiz, B.Parpiev joriy yilning 11 may kuni Davlat soliq qo`mitasi raisligidan olingandi. U boshqa ishga o`tkazilgan. Ma`lum qilinishicha, endilikda B.Parpiev Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika Kengashi raisining keksalar va faxriylar ishlari bo`yicha o`rinbosari sifatida ishlaydi.

Bundan tashqari, 19 may kuni Milliy olimpiya qo`mitasida O`zbekiston taekvondo WTF assosiasiyasining navbatdan tashqari saylov Konferensiyasi bo`lib o`tdi. Unda Botir Parpiev assosiasiya rahbarligidan ham ozod etilgandi.

    Boshqa yangiliklar