Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash, sohani yanada takomillashtirish, haydovchi va piyodalarga turli qulayliklar yaratish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 mart kuni imzolangan “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 116-sonli qaroriga asosan respublikamiz hududida 2017 yil 1 oktyabrdan boshlab o`rnatilgan tartibda milliy haydovchilik guvohnomasining yangi namunalari berilishi yo`lga qo`yildi.
Yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi 10 yil muddatga beriladi. Haydovchi undan foydalanganidan so`ng har o`n yilda almashtirib turishi kerak. Chunki o`n yilda insonning tashqi ko`rinishi o`zgaradi. Bu esa uning hujjatlarini tekshirish jarayonida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Qarorda amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish muddatlari ham belgilab berilgan.
Unga ko`ra, 2017 yil 1 oktyabrdan boshlab 2020 yilning 31 dekabr kuniga qadar eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari yangisiga, ularning berilgan sanasidan qat`iy nazar egasining yozma arizasiga ko`ra ixtiyoriy ravishda almashtirib beriladi. Shundan keyin, ya`ni 2021 yil 1 yanvardan boshlab eski namunadagi barcha haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas, deb topiladi va bu haydovchilik guvohnomalari bilan avtomototransport vositalarini boshqarish, haydovchilik guvohnomasisiz avtomototransport vositalarini boshqarish bo`lib hisoblanadi. Fuqarolarimizni ushbu yangi, milliy haydovchilik guvohnomasini olish va hozirda foydalanishda bo`lganlarini qay tartibda almashtirish kabi savollarning javobi qiziqtirishi tabiiy.
Bu o`rinda shuni ta`kidlash lozimki, ushbu yangi hujjat 2017 yil 1 oktyabr kunidan boshlab haydovchilar tayyorlash kurslarini tamomlaganlarga nazariy va amaliy imtihonlardan o`tganlaridan so`ng berila boshlandi. Shuningdek, biror-bir sabab bilan eskirgan, yaroqsiz holga kelib qolgan haydovchilik guvohnomasi va uning taloni yangisiga hududiy yo`l harakati xavfsizligi boshqarmalarining ro`yxatga olish va imtihon bo`limlarida almashtirib beriladi. Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish bo`yicha davlat xizmatlarini ko`rsatishning ma`muriy reglamenti ishlab chiqildi. Ushbu reglament jismoniy shaxslarga haydovchilik guvohnomasini yangi namunasiga almatirish tartibini belgilaydi. Bu xizmat shu yilning 4 aprel kunidan Toshkent shahrining Mirobod tumanida, 3 may kunidan boshlab Namangan shahrida o`z faoliyatini boshlagan edi. 14 may kunidan esa Toshkent shahrining Yunusobod va Uchtepa tumanlaridagi Davlat xizmatlari markazlarida haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish boshlandi. Shuningdek, bu xizmat yaqin kunlarda Qo`qon shahrida ham ishga tushiriladi. Bosqichma-bosqich respublikamizning boshqa hududlarida ham bu kabi xizmatlarni yo`lga qo`yilishi rejalashtirilgan.
Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun fuqarolar doimiy yashash joyidagi hududiy davlat xizmatlarini ko`rsatish markazlariga haydovchilik guvohnomasi va uning taloni hamda fuqarolik pasportining nusxasini taqdim etadi. Bu erda tegishli ariza namunasini to`ldiradi. Davlat xizmatlarini ko`rsatish markazlari shu hududda doimiy ro`yxatda turuvchi fuqarolarga haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmatlarini ko`rsatadi. Davlat xizmatlari markazlari, hududiy YHXB ro`yxatlash imtihon olish bo`limlari bilan elektron bog`langan holda fuqarolarning haydovchilik guvohnomalari to`g`risidagi ma`lumotlardan foydalanadi.
Ariza beruvchilar haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga almashtirish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o`zi kelib murojaat etadi yoki O`zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro`yxatdan o`tadi. O`zi kelib murojaat etgan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda so`rovnomani elektron tarzda to`ldiradi.
O`zbekiston Respublikasi IIV Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot markazi xabariga ko`ra, haydovchilik guvohnomasi va uning talonini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtirish uchun eng kam oylik ish haqining 70 foizi miqdorida yig`im undiriladi.






