AsosiyJamiyat

Markaziy bank: may oyida narx-navo pasaydi

'Markaziy bank: may oyida narx-navo pasaydi'ning rasmi

Respublika iste`mol bozorlaridagi narxlar o`zgarishini aniqlash bo`yicha Markaziy bank tomonidan muntazam ravishda olib borilayotgan o`rganishlar natijalari may oyining dastlabki to`rt haftasida tanlangan tovar va xizmatlar guruhi bo`yicha o`rtacha narxlar 0,6 foizga pasayganligini ko`rsatdi. Bunda oziq-ovqat tovarlari 1,1 foizga va nooziq-ovqat tovarlari 0,9 foizga arzonlashgan bo`lsa, xizmatlar 1 foizga qimmatlashdi.

Narxlarning o`zgarishi asosan milliy valyuta qadrining oshishi, tashqi savdo sharoitlarining va raqobat muhitining yaxshilanishi, iste`mol bozoriga sabzavotlar yangi hosilining kirib kelishi kabi omillar ta`sirida shakllandi. Shuningdek, aholi va korxonalarning inflyasion kutilmalarining pasayishi ham narxlar tushishiga ta`sir etuvchi omillaridan bo`ldi.

Kuzatish davrida oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy o`rtacha narxlarida pasayish kuzatilgan bo`lsada, alohida mahsulot narxlari o`zgarishi turli xil yo`nalish kasb etdi. Xususan, pomidor, bodring va kartoshka yangi hosilining bozorlarga ko`p miqdorda kirib kelishi, ushbu sabzavotlar narxlarining mos ravishda 63,8, 30,2 va 27,6 foizga arzonlashishiga sabab bo`ldi. Shuningdek, sariyog` narxi 2,4 foizga va parranda go`shti narxi 1,3 foizga pasaydi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari, xususan maishiy texnika va shaxsiy gigiena tovarlarinarxlari respublikada ayniqsa chegara hududlarida tashqi savdo hajmlarining oshishi, iste`mol bozorining ushbu segmentida raqobat muhitining yaxshilanishi hamda milliy valyuta qadrining oshishi kabi omillar ta`sirida shakllandi.

Ushbu tovarlar guruhlari tarkibida televizorlar 8,0 foizga, changyutgichlar 4,4 foizga, sovutgich va elektr choynaklar 1,8 foizga, atir sovun 3,5 foizga va shampun 1,9 foizga arzonlashdi.

Aprel oyidagi tabiiy gaz tariflari oshishi avtotransportda yuk va yo`lovchi tashish xizmatlari narxlariga o`z ta`sirini ko`rsatdi. Shahar ichidagi avtobusda yo`l kira haqi, ayrim hududlarda to`lovlarning sezilarli oshishi hisobiga 13,7 foizga, avtomobilda yuk tashish xizmati esa 1,6 foizga oshdi. Shuningdek, tibbiy xizmatlar narxlari 2,4 foizga oshishi kuzatildi.

Eslatma

Qayd etish lozimki, yuqorida keltirilgan iste`mol tovar va xizmatlar narxlarining o`zgarish dinamikasi iqtisodiyotdagi inflyasion jarayonlarni tahlil qilish maqsadida Markaziy bank tomonidan olib boriladigan kuzatuvlarga asosan hisoblangan. Respublika bo`yicha iste`mol narxlari indeksi Davlat statistika qo`mitasi tomonidan hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar