AsosiyJamiyat

O`zbekistonda pensiya yoshini 63 yoshgacha oshirish tavsiya etildi

'O`zbekistonda pensiya yoshini 63 yoshgacha oshirish tavsiya etildi'ning rasmi

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi tomonidan Konsepsiya loyihasini muhokama qilish maqsadida joriy yilning 25 may kuni Oliy Majlis Senatining byudjet va iqtisodiy islohotlar Qo`mitasi, Qonunchilik palatasi vakillari, vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda BMT Rivojlanish dasturi, Jahon banki va YuNISEF mutaxassislari ishtirokida seminar o`tkazildi.

Seminarda vazirlik va idoralar hamda keng jamoatchilikdan pensiya islohotlarini amalga oshirish bo`yicha qabul qilingan dastlabki tavsiyalar tahlil qilindi va muhokamasi o`tkazildi.

Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish masalasi, xususan, “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonuning yangi tahrirda ishlab chiqilishi batafsil muhokama qilindi. Bu borada, qonunni chet el tajribasini o`rganish hamda mamlakatimizning demografik va ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqish to`g`risida fikrlar bildirildi.

Shu bilan birga, qonunning normalarida fuqarolarning pensiya miqdorlari ularning mehnat stajlari davomiyligi va ish haqiga bog`liq bo`lishi hamda ijtimoiy sug`urta tizimiga faol qatnashishlarini rag`batlantiruvchi mexanizmlarini joriy etilishi zarurligi qayd etildi.

Mutaxassis va ekspertlar ta`kidlashicha, Konsepsiyada ijtimoiy adolatlilikni qaror toptirish jihatlari inobatga olinib, ishlovchi pensionerlarga to`liq pensiyalarini to`lash, pensiya tayanch miqdorini hisoblashda amaldagi hisobga olinadigan chegaraviy eng kam oylik ish haqqining 8 barobarini 12 barobarigacha oshirish kabi takliflarni o`z ichiga qamrab olgan.

Shuningdek, taklif etilayotgan islohotlarning ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, seminar ishtirokchilari, shu jumladan halqaro moliya institutlari ekspertlari, yangi taklif etilayotgan normalarni bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarurligi to`g`risida fikr bildirishdi. Xususan, dastlabki bosqichda talab etiladigan minimal ish stajini bosqichma-bosqich har yili, 2019 yildan boshlab 10 yilgacha oshirishi, pensiya yoshini esa 2022 yildan boshlab har yili 6 oyga, ayollar uchun 58 yoshgacha va erkaklar uchun 63 yoshgacha oshirib borish tavsiya etildi.

Eslatib o`tamiz, fuqarolarning ijtimoiy sug`urtalash tizimidagi uzluksiz ishtirokini rag`batlantirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, pensionerlarning moddiy ta`minlanganlik darajasini oshirish, shuningdek, barqaror pensiya tizimiga erishish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining rasmiy veb-saytida joriy yilning 28 aprel kuni fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti tizimini isloh qilish bo`yicha ishlab chiqilgan Konsepsiya loyihasi umumhalq muhokamasiga taqdim etildi.

    Boshqa yangiliklar