O`tgan yakshanba kuni kuzatilgan salqin ob havo va unda ko`tarilgan chang-to`zon mahalliy aholini havotirga soldi.
Boshqarma xodimlarining ma`lum qilishicha, shanba kuni Qoraqalpog`iston hududida havo ochiq bo`lib, shamol tezligi shtil holatida kuzatilgan. Havoning harorati kunduzi 37-39 darajagacha ko`tarilishi natijasida tuproqning yuqori qatlamidagi qoplangan namliklar bug`lanib, 1-10 santimetr qalinlikda qurg`oqchilik paydo bo`lgan. 27 may kuni esa shimoliy-g`arbiy tomondan kelgan sovuq havo oqimi ta`siri bilan shamolning tezligi 10-15 metr sekunddan 22-27 metr sekundgacha etgan. Bu shamol kuchi ta`sirida paydo bo`lgan qurg`oq tuproqning ko`tarilishiga olib kelgan. Nukus shahridagi kuzatish maydonida havodagi changning miqdori 0,50 PDKni tashkil qilib, bu me`yordan 3 karra ko`p ekanligini ko`rsatdi. Bu kabi holat Qoraqalpog`istondan tashqari, Xorazm viloyatida ham kuzatilgan.
Qoraqalpog`iston Gidrometeorologiya boshqarmasi taqdim etgan ma`lumotga ko`ra, 29-30 may kunlari kechasi havoning harorati 8-13, kunduzi 23-28 daraja, 31may – 6 iyun kunlari oralig`ida kechasi 13-18, kunduzi 30-35 daraja iliq bo`lishi kutilmoqda.
Iyun oyida havoning o`rtacha temperaturasi me`yorda bo`lib, birinchi va uchinchi o`n ko`nlikda qisqa muddatli yog`ingarchilik bo`lishi mumkin.
Qoraqalpog`istondagi tuzli bo`ron qishloq xo`jaligi sohasiga qanday ta`sir qilishi mumkin. Hozircha buni O`zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog`iston bo`limi mutaxassislari o`rganmoqda. O`rganish natijalari haqida ham batafsil ma`lumot beramiz.






