Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudida Marg`ilon shahridagi “Mehribonlik uyi”ning sobiq direktori K.Yakubov, bosh hisobchi A.Muydinova va hisobchi A.Saidkamolova, direktor o`rinbosari S.Usmonov, feldsher I.Yo`ldashev, tarbiyachi X.Yakubova, R.Abdufattoev va N.Solieva, enagalar D.Djurabaeva va X.To`raevga nisbatan jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko`rib chiqilmoqda.
“Mehribonlik uyi”da sodir bo`lgan bu mudhish jinoyat barchani junbushga keltirdi. Nahotki, mehr va muruvvat maskanida ana shunday qabih ishlarga qo`l urilgan bo`lsa? Yana boz ustiga sobiq direktor K. Yakubov jinoyat ishining boshida turgan bo`lsa?
O`zA xabariga ko`ra, kecha sud o`z ishini davom ettirib, sudya R. Arapov raisligida guvohlarning ko`rsatmalari tinglanmoqda. Bundan oldin esa direktor o`rinbosari S. Usmonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasining 1-qismi (o`n olti yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish), feldsher I. Yo`ldashevga nisbatan Jinoyat Kodeksining 128-moddasi 1-qismi (o`n olti yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) yopiq sud majlisida ko`rildi. Shuningdek, jinoyat ishi bo`yicha yigirmaga yaqin jabrlanuvchilarning ko`rsatmalari eshitildi.
Mazkur jinoyat ishida sudlanuvchilar voyaga etmagan shaxsni tarbiya muassasasida jinoyatga jalb qilish, o`n olti yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, voyaga etmagan ojiz ahvoldagi shaxsni qiynash, o`n olti yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, shuningdek, ayolni o`z homilasini sun`iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Sudlanuvchilar K.Yakubov, S.Usmonov, I.Yo`ldashev va R.Abdufattoevlarga nisbatan “qamoq”, X.Yakubova, N.Solieva, D.Djurabaeva va X.To`raevlarga nisbatan “uy qamog`i”, A.Mo`ydinov va A.Saikamolovalarga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Kelgusida sud majlisida to`plangan dalillar atroflicha o`rganilib, ishning har bir holatiga va sudlanuvchilarning harakatlariga huquqiy baho berilib, sud tomonidan qonuniy, adolatli va asosli qaror qabul qilinadi.






