Farg`ona viloyatidagi shahar va tuman xalq ta`limi bo`limlariga maxsus jihozlangan “Damas” avtomashinalari tantanali topshirildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 21 avgustdagi “Ta`lim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi qarori asosida shahar va tuman xalq ta`limi bo`limlarida ham yangi ixtisoslashtirilgan ta`mirlash-ekspluatasiya bo`limlari tashkil etildi.

Mazkur bo`lim bino va inshootlarni tegishlicha ekspluatasiya qilish, suv, elektr energiyasi, gazdan tejamkorlik bilan foydalanish, ularni hisobga olish asbob-uskunalari holatini monitoring qilish kabi bir qator ishlar bilan shug`ullanadi. Ayni kunlarda ta`mirlash-ekspluatasiya bo`limlari maxsus jihozlangan avtomashinalar bilan ta`minlanmoqda. Shahar va tuman xalq ta`limi bo`limlariga topshirilgan 36 “Damas” avtomashinasi ham ana shu ishlarning uzviy davomidir.

– Viloyatda 916 umumta`lim maktabi bor, – deydi viloyat xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i M.Turdimatov. – Maxsus jihozlangan avtomashinalar ta`lim maskanlarimizga sifatli xizmat ko`rsatishda muhim ahamiyatga ega. Mobil harakatdagi ta`mirlash-ekspluatasiya xizmati eng chekka hududdagi maktabga ham borib, amaliy yordam beradi.







