Loyihamizning galdagi qahramoni — xonanda Yodgor MIRZAJONOV. Ko`ramiz, “Qizg`onaman” deya xonish qilib, qizlarning yoqimtoyiga aylangan xonanda bugun haqqoniy javoblarini qizg`onmasmikin?..
1. Yodgor aka, shu kungacha “Qizg`onaman”dek “xit” qo`shiq kuylolmaganingizni tan olasizmi?
— Undan keyin “Go`zalim”, “Sen uchun”, “Alvido”, “Nozigim”, “Erkalayin seni” kabi o`nlab “xit” qo`shiqlar kuyladim. Lekin tan olaman, birorta qo`shig`im “Qizg`onaman” darajasida bo`lmadi.
2. Balki ijodingizni yuzaga chiqarishda ko`maklashadigan bastakor, shoir topolmayotgandirsiz yo prodyuseringizning sizga e`tibori kamaygandir?
— Omad topolmayapman! Musaxon Nurmatov, Nodir Azimov, Botir Ergashev kabi ijodkorlar bilan ishlayapman. Prodyuserim ham imkon qadar e`tiborini ayamayapti. Lekin tan olish kerak, reklamam faqat TV orqali bo`lib qoldi. Xuda xohlasa, haqiqiy omad oldinda.
3. Reytingingizni Otabek Mutalxo`jaevga boy berib qo`yganingizdan achinmaysizmi?
— Mening tengdoshlarimdan qay biri reytingini boy bermadi? Ijod ham hayot singari baland-pastliklardan iborat. Albatta, reyting men uchun muhim! Avvalgi mashhurligim qaytishini istayman. Bilasizmi, ijodimdagi tanaffuslarning ham o`z hikmati bor, o`sha damda tanaffus qilmasam bo`lmasdi...
4. Poytaxtdagi xalq xizmatlarida kamnamosiz...
— Bu haqda o`ylab ko`rmagan ekanman, o`yga toldirib qo`ydingiz. Bilasizmi, viloyat to`ylarida qo`shiqning mazmuniga e`tibor qaratishadi, shaharda esa o`yinbop va engil qo`shiqlar urfda. Meni esa bunday qo`shiqlarga hushim yo`q.
5. Yodgor Mirzajonov hatto teleboshlovchilikni ham eplolmadi...
— To`g`ri! Oson kasb deb o`ylardim. Teleboshlovchilikning ham o`z qonun-qoidalari, har bir dasturga yangilik kirita olish qobiliyati bo`lish kerak ekan. Bu sohaga qobiliyatim yo`qligini tan olgan holda qaytib teleboshlovchilikka qo`l urmayman.
6. Yodingizdami, O`zbekiston Davlat San`at va madaniyat instituti talabasi ekaningizda diplom spektakliga kech qolib kelganingiz uchun Boir Xolmirzaevdan tarsaki egandingiz. Shu tarsakidan xulosa chiqargandirsiz?
— Eshikni ochsam, muxlislar meni o`rab olib, guldastalarga ko`mib tashlashdi. Sahnaga qarasam, Boir aka o`rnimga rol o`ynayotgan ekan. Salom berishga ulgurmay qolganman... Ochig`i, ustozning tarsakisidan so`ng mas`uliyatli odamga aylandim. “Yulduzlik kasalligi”ga uchramasligimda ham o`sha tarsakining roli katta bo`ldi.
7. Hozir sizni na yosh va na kattalar auditoriyasi sevib tinglaydi. Shu ma`noda kelajagingizni qanday tasavvur qilyapsiz?
— Kattalar auditoriyasi mehrini qozonish uchun bugungi kunda klassik qo`shiqlarni jonli ijroda kuylashni mashq qilyapman. Hatto xalq xizmatlarida ham jonli ijroda kuylayapman.
8. Yodgor aka, qo`lingizda nikoh uzugi ko`rinmaydi?
— Bu savolga javob berishni istamayman!
9. Sizni “Anvar Sanaevning kuyovi” deyishadi?
— (Kuladi) Yo`q, bu shunchaki mish-mish.
10. Maxsus savol!
Nozima Vohidova, telejurnalist:
Otabek Muhammadzohid jonli ijroda to`xtovsiz 6 soat kuylay olishini aytgandi. Siz necha soat jonli ijroda kuylay olasiz?
— Ovoz imkoniyatimdan kelib chiqsam, 5 soat kuylay olaman. Jonli ijroda kuylash borasida muammoim yo`q.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi





