Avval xabar berganimizdek, shu yilning 21 mayidan boshlab Shveysariyaning Jeneva shahrida Jahon sog`liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi o`z ishini boshladi. Unda Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligida O`zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etmoqda.
Respublika sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, dunyoning turli mamlakatlari tajribasi bilan tanishish, ilg`or amaliyotlarni o`rganish va ularni hayotga tatbiq etish hamda aholi salomatligi bilan bog`liq muammolarga samarali echim topish mazkur nufuzli anjumanning maqsadlaridan biri bo`ldi. Bundan tashqari, JSTTiga a`zo 194 ta davlat, jumladan, O`zbekiston delegasiyasi ishtirok etayotgan mazkur sessiyada xalqaro tashkilotning sog`liqni saqlash sohasi bo`yicha kuzatilayotgan global muammolar va ularning echimlari borasida muhokamalar o`tkazildi. Bu yilgi sessiyada atrof-muhit va iqlim o`zgarishlarining salomatlikka salbiy ta`siri va unga qarshi kurashish bo`yicha yo`l xaritasi, dori-darmon va vaksina ta`minoti, noinfeksion kasalliklar profilaktikasi, ayollar, bolalar va o`smirlar salomatligini muhofaza qilish kabi masalalar bo`yicha ma`ruzalar qilinmoqda.

Jeneva safari davomida Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus bilan ikki tomonlama alohida uchrashuv o`tkazdi. O`zaro muloqotlar chog`ida yurtimizda so`nggi yillarda sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasining oshirilayotgani, shuningdek, sohada qabul qilinayotgan me`yoriy hujjatlar, istiqboldagi rejalar va dasturlar haqida ma`lumot berildi.
Suhbat davomida T.Gebreyesus mamlakatimizda Prezidentimiz Sh.Mirziyoev boshchiligida hayotga tatbiq etilayotgan barcha huquqiy hujjat va dasturlar aholiga g`amxurlikning barcha zarur jihatlarini qamrab olayotganligi, O`zbekiston tibbiyot tizimida ham o`zining oqilona strategiyasi, siyosati va ustuvor yo`nalishlarini belgilab olganligi, islohotlarning yangi bosqichi bilan bog`liq vazifalar amalga oshirilayotganligini e`tirof etdi va ushbu tarixiy voqealarning guvohi bo`lish maqsadida shu yilning o`zida O`zbekistonga tashrif buyurishini bildirdi. Shuningdek, u O`zbekiston va JSST o`rtasida mamlakatimiz manfaatlarini himoya qiluvchi ko`p tomonlama o`zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga har doim tayyor ekanligini ta`kidladi.

Anjumanning 26 may kuni bo`lib o`tadigan so`nggi kunida ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga a`zo davlatlar vakillari tomonidan aholi salomatligini muhofaza qilish bilan bog`liq muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.






