O`zbekiston Respublikasi yo`l xavfsizligini ta`minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiya quyidagilarni nazarda tutadi:
- yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasida normativ-huquqiy bazani mustahkamlash;
- yo`l infratuzilmasini takomillashtirish, yo`llar sifatini yaxshilash, transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun ishonchli shart-sharoitlar yaratish
- yo`l harakati barcha qatnashchilarining huquqiy madaniyatini va zarur malakasini oshirish, intizomini mustahkamlash.
Ichki ishlar vazirligining Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.
Jamoatchilik kengashining asosiy vazifasi etib, shu jumladan yo`l harakati qoidalari, sohada xavfsizlikni ta`minlash masalalari bo`yicha jamoatchilik fikrini tizimli asosda o`rganish hisoblanadi.
Endilikda:
- har haftada juma kuni “Yo`l harakati xavfsizligi kuni” o`tkaziladi, uning doirasida yo`l harakati qoidalariga so`zsiz rioya qilishni ta`minlash va yo`l-transport hodisalari profilaktikasini ta`minlash bo`yicha choralar ko`riladi;
- avtotransport vositalarisiz harakatlanish mumkinligi va zarurligini namoyish qilishga, uning barcha qatnashchilari tomonidan yo`l harakati qoidalariga rioya etishga ommaviy chaqirishga yo`naltirilgan “Avtomobilsiz kun” oylik aksiyasi muntazam asosda respublikaning barcha hududlarida tashkil etiladi.
Piyodalar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar to`g`risida elektron protokollarni rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalarida o`rnatilgan videoregistratorlaridan olinadigan videoyozuvlarni tezkor to`plashning markazlashtirilgan tizimi joriy etiladi, bunda shaxsiy ma`lumotlarning maxfiyligini saqlab qolish imkoniyati ta`minlangan holda ularni rag`batlantirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutiladi.
Bundan tashqari, qaror bilan jami 74 ta, shu jumladan 31 ta yo`l-patrul xizmati stasionar postlari, 43 ta patrul-post xizmati postlari (blok-postlar va to`siq postlar)ning faoliyati tugatildi.






