Evgeniy Birger “O`zbekiston pochtasi” milliy pochta operatori bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqda ushbu kompaniya saytida xabar berildi.
Evgeniy Birger 1960 yil 16 mayda Rossiyaning Moskva viloyatida tug`ilgan. 1982 yil Moskva milliy aloqa elektrotexnika institutini tamomlagan. Iqtisod fanlari nomzodi. Turli yillarda Rossiya pochta aloqasi departamenti boshlig`i va “Rossiya pochtasi”ni strategik risojlantirish bo`yicha kengash a`zosi bo`lgan.
U 22 may kuni Toshkent shahrida bo`lib o`tgan “#MITCROADMAP2018” konferensiyasida so`zga chiqib, “O`zbekiston pochtasi” o`z normativlari va an`anaviy faoliyatini uddalay olmayotgani va mazkur tashkilot tubdan isloh qilinishga muhtoj ekanligini aytib o`tgandi. Shu munosabat bilan u pochta tashkilotlar faoliyati va fuqarolar hayotiga chuqur integrasiya qilish nazarda tutilgan “Pochta 2.0” loyihasini taqdim etgandi.
Ma`lumot uchun, joriy yil fevral oyida mamlakat rahbariyati tomonidan “O`zbekiston pochtasi”ni xorijlik konsultantlarni jalb etgan holda va ilg`or xalqaro tajribani o`rganib isloh etish bo`yicha takliflarni ishlab chiqishga oid topshiriq berilgandi.
Eslatib o`tamiz, 2016 yil 19 yanvarda mazkur kompaniyaga rahbar bo`lib kelgan Shuhrat Atamuhamedov joriy yil 12 may kuni Uchtepa tumani hokimi vazifasiga tayinlangan.






