AsosiyJamiyat

O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti tashkil etiladi

'O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti tashkil etiladi'ning rasmi

Prezident “O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetini tashkil etish to`g`risida”gi qarorni imzoladi.

Jahon axborot makoni globallashuvining kuchayishi ommaviy axborot vositalari sohasida dunyoda sodir bo`layotgan voqealarga tez va mos ravishda munosabat bildirish, O`zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik qayta o`zgarishlar haqida respublika aholisini, dunyo hamjamiyatini o`z vaqtida va xolisona xabardor qilish tizimini takomillashtirish masalasi eng dolzarb vazifalardan biriga aylanib bormoqda.

Ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi, davlat va nodavlat davriy bosma nashrlar, teleradiostudiyalar, tahririyat-matbaa komplekslarining miqdor va sifat jihatidan o`sishi, fuqarolik jamiyati institutlari, reklama agentliklari, axborot xizmatlari, media kommunikasiya, internet jurnalistikasining shakllanishi raqobatbardosh, yangicha shart-sharoitlarda ishlay oladigan jurnalist kadrlarni tayyorlash zaruratini taqozo etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tizimida O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti (keyingi o`rinlarda Universitet deb yuritiladi) tashkil etiladi.

Universitet ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, respublikada mediata`lim tizimini yaratish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mazkur yo`nalishlarda ilmiy va o`quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo`yicha tayanch oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi.

2018/2019 o`quv yilidan boshlab Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti va O`zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Jurnalistika (faoliyat turlari bo`yicha)” ta`lim yo`nalishi va uning negizidagi magistratura mutaxassisliklari, shu jumladan, “Oliy jurnalistika kurslari” bo`yicha qabul to`xtatiladi hamda ushbu ta`lim yo`nalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo`yicha ta`lim olayotgan talabalar o`qishni bitirgunlariga qadar mazkur oliy ta`lim muassasalarida o`qishini davom ettiradilar.

    Boshqa yangiliklar