O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy – amaliy tibbiyot markazi hamda AQSh ning Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) hamkorligida tashkil etilgan anjuman «O`zbekistonda END-TB (silni tugatish) strategiyasini tadbiq qilishda fan va innovasion texnologiyalar bilan o`zaro hamkorlik integrasiyasi» mavzusiga bag`ishlanadi. Konferensiyada AQSh, JAR, Latviya, Rossiya, Shveysariya, Qozog`iston va O`zbekistonning etakchi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Anjuman oldidan 22-23 may kunlari O`zbekistondagi tibbiyot va laboratoriya muttaxassislari uchun etakchi xalqaro ekspertlar tomonidan mahorat darslari o`tildi. Anjumanning ochilish marosimida qayd etilishicha, O`zbekistonda silning oldini olishda joriy etilgan yangicha yondoshuv natijasida ushbu kasallik bilan bog`liq xolatlar soni sezilarli darajada kamaygan. Bunda keng jamoatchilikni jalb qilish orqali amalga oshirilayotgan targ`ibot tadbirlarining alohida o`rni bor.
E`tiborlisi, Toshkent va Qarshi shaharlarida bo`lib o`tgan 9 ta mahorat darslari va seminarlarga nafaqat soha xodimlari, balki turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek yosh tadqiqotchilar ham jalb etildi.
- Men sil bilan og`riganimni hech kimdan yashirmayman, chunki shifokorlar tavsiyasiga binoan o`z vaqtida va to`g`ri davolanish orqali bu kasallikni hech qanday oqibatlarsiz engishga muvaffaq bo`lish mumkinligini hamma bilsin deydi, ishtirokchi Lola Niyozova. – Jamiyatimizda hamon bu kasallikka nisbatan noto`g`ri munosabat saqlanib turibdi. Sil nasldan naslga o`tmasligini, o`pka silida davo choralari boshlangandan keyin atrofdagilarga xavf tug`dirmasligini bilmaydiganlar tez-tez uchrab turadi. Eng asosiysi erta tashxis va tizimli davo orqali butunlay sog`ayish imkoni bor.
Silning tarqalishini oldini olish vazifasi dunyoning ko`plab davlatlarida nafaqat tibbiy balki ijtimoiy ahamiyat kasb etmoqda. «End TB» («Silni tugatish») Strategiyasi 2014 yilda Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining 67 – sessiyasida qabul qilingan. Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining silga qarshi kurash bo`yicha 2015 yildagi ma`ruzasida keltirilishicha, birgina 2014 yilda dunyoda 9,6 million kishi kasallangan bo`lib, shundan 1,5 million bemor halok bo`lgan. Strategiyaning bosh maqsadlari 2035 yilga kelib 2015 yil bilan taqqoslaganda sil tufayli yuzaga keladigan o`lim xolatlarini 95 foizga va kasallanishni 90 foizga kamaytirish, shuningdek biron bir oilada bu xastalikni davolashda katta miqdordagi xarajatlar bo`lmasligini ta`minlashni nazarda tutadi.
Tibbiyotga innovasiyalarni keng joriy etilishini davrning o`zi taqozo etmoqda. Sil kasalligini davolash amaliyotlari ham bundan mustasno emas. «End TB» Strategiyasini silning tugatilishiga erishishida eng asosiy vositalardan biri kasallikni davolash va oldini olishda aynan ilmiy izlanish va innovasiyalarni jadallashtirish, ilg`or ilmiy tajriba va texnologiyalarni ishlab chiqish hamda joriy qilish hisoblanadi. Bu masalalarni hal etishda qiziqishi mos kelgan bir qator tomonlarning, tibbiy va notibbiy, shuningdek fuqarolik jamiyatlarini o`zaro hamkorlik aloqalari zarur. Toshkent va Qarshi shaharlarida tashkil etilgan konferensiyadan ko`zlangan asosiy maqsad ham shunga qaratilgan.
Anjuman kun tartibidan silni nazorat qilishning ilg`or amaliyotlarini joriy etish masalalari, O`zbekistondagi va boshqa davlatlardagi silga qarshi kurash xizmatlarida bemorga yo`naltirilgan yondoshuvni shakllantirishdagi muvaffaqiyatlar va qiyinchiliklar tahlili, shuningdek silga qarshi kurash sohasidagi innovasiyalar bo`yicha taqdimotlar o`rin olgan. Muhokamalar natijalariga ko`ra, O`zbekistondagi silga qarshi kurash Milliy dasturi samaradorligini oshirishga oid tavsiyalar ishlab chiqiladi.
O`zA






