Bolajonlar intiqib kutgan yozgi ta`til kunlari ham boshlanmoqda. Ta`tilda ular maroqli dam olishi, hordiq chiqarishi barobarida bilimini boyitishi, jismonan toblanishi zarur. Zero, ularning yozgi mavsumni mazmunli o`tkazishi keyingi o`quv yilidagi muvaffaqiyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Navoiy viloyatida ham yoz mavsumiga puxta hozirlik ko`rilmoqda. O`quvchilarga munosib sharoitlar yaratish, turli ma`naviy-ma`rifiy, ko`ngilochar tadbirlar, sayohatlar tashkil etishga alohida e`tibor qaratilayotir.
Joriy yilgi mavsumda viloyatda 12 yozgi sog`lomlashtirish va maktab qoshida 24 kunduzgi oromgoh faoliyat yuritadi. Ushbu sog`lomlashtirish maskanlarida umumiy o`rta ta`lim maktablarida tahsil olayotgan 16 ming 300 ga yaqin bolaning dam olishi va salomatligini mustahkamlashi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Ayni paytda barcha yozgi sog`lomlashtirish oromgohlarida obodonlashtirish ishlari yakunlanish arafasida. Mavsum oldidan viloyat ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari hamkorligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan ob`ektlarning xavfsizlik holati, bino va inshootlarning texnik mustahkamligi, ular joylashgan hudud va yo`llarda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan vaziyatlarning oldini olish bo`yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi.
– Shahardan tashqarida joylashgan oromgohlar faoliyatini samarali tashkil etish uchun korxona va tashkilotlar, ota-onalar, homiylar va kasaba uyushmalaridagi ijtimoiy sug`urta hisobidan 16 milliard so`mdan ortiq mablag` sarflanishi rejalashtirilgan, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi xodimi N.Nurmanova. – Joriy mavsumda “Nimkon”, “Do`stlik” va “Ishonch” kabi oromgohlarda kam ta`minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining 50 nafari bepul sog`lomlashtiriladi.
Bolalarning mazmunli dam olishi va sport bilan shug`ullanishi uchun zarur sharoit yaratish hamda malakali tibbiy xizmat ko`rsatish maqsadida qator mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlik rejalari ishlab chiqilgan. Xususan, o`quvchilarda vatanparvarlik tuyg`usini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga qaratilgan ma`naniy-ma`rifiy tadbirlar o`tkazish, shoir-yozuvchilar, san`atkorlar, rassomlar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etish belgilangan.
Pedagog xodimlarni oromgohlarga jalb etish masalasiga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Mavsumda viloyat bo`yicha 840 nafar mutaxassis, 62 nafar sport yo`riqchisi, 54 nafar kutubxonachi hamda 42 nafar musiqa bo`yicha murabbiy faoliyat yuritadi. Ayni paytda ular viloyat “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazida o`tkazilayotgan malaka oshirish kurslarida oromgohlarda ma`naviy-ma`rifiy ishlarni tashkil etish yuzasidan uslubiy tavsiyalar bilan tanishmoqda.
O`zA






