AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev askarlarning ma`naviy tayyorgarligiga e`tibor qaratdi

'Shavkat Mirziyoev askarlarning ma`naviy tayyorgarligiga e`tibor qaratdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev 20 may kuni Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismlardan biriga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasiga muvofiq bu erda tarkibiy-tashkili o`zgarishlar amalga oshirilgan. Oziq-ovqat bilan ta`minlash bo`yicha autsorsing tizimi joriy qilingan. Bu harbiy xizmatchilarning butun kuch-g`ayratini o`z professional malakasini oshirishga qaratish imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbari askarlarning qanday kitob o`qigani bilan qiziqdi.

«Harbiy xizmatchilarning bir daqiqa vaqtiyam bekor o`tmasligi kerak. Jismoniy mashg`ulotlar bilan birga har kuni o`qishi, chet tilini o`rganishi, dunyoqarashini kengaytirishi zarur. Vatan himoyachisi degan nomga har kuni munosib bo`lishi kerak», dedi Shavkat Mirziyoev.

Harbiy qismda shaxsiy tarkibning jangovar mahoratini oshirishi, sport bilan shug`ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Dam olish kunlarida bu erda olimlar va san`atkorlar bilan uchrashuvlar o`tkaziladi, spektakllar namoyish etiladi.

Shavkat Mirziyoev shu erga to`plangan askarlar, ziyolilar bilan suhbatlashdi.

«Armiyani moddiy jihatdan ta`minlayapmiz, zamonaviy texnika va aslahalar bilan qurollantiryapmiz. Ammo shaxsiy tarkibning ma`naviy-ruhiy tayyorgarligiga etarlicha e`tibor berilmayapti. Jismoniy va jangovar holatni sinovdan o`tkazish bo`yicha poligonlar, mashg`ulotlar bor. Xuddi shunday, askarlar ma`naviyati, ruhan baquvvatligi bo`yicha ham katta tayyorgarlik bo`lishi kerak» dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari harbiy xizmatchilarning ma`naviy-ruhiy tayyorgarligini oshirishga doir qaror ishlab chiqish bo`yicha topshiriq berdi.

    Boshqa yangiliklar