AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev: O`rmon xo`jaligi alohida yirik sohaga aylanishi zarur

'Shavkat Mirziyoev: O`rmon xo`jaligi alohida yirik sohaga aylanishi zarur'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Andijon viloyatida 2018-2019 yillarda agrar sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari o`tgan yili O`rmon xo`jaligi ilmiy-tadqiqot institutining Andijon filialini tashkil etish bo`yicha topshiriq bergan edi. Hozirgi kunda mazkur filial tashkil etilgan, ilmiy xodimlar tomonidan viloyatda o`rmon xo`jaligini rivojlantirish bo`yicha qator istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan. 2016 yilda o`rmon erlarida bor-yo`g`i 8 gektarda qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirilgan bo`lsa, joriy va kelgusi yilda bu ko`lam 830 gektarga etkaziladi. Adir va tog`oldi hududlarida ko`plab doimiy va mavsumiy ish o`rinlari yaratiladi.

Shavkat Mirziyoev o`rmon xo`jaligida innovasion g`oyalarni qo`llash, ekinlar turi va hosilini ko`paytirish bo`yicha maxsus jamg`arma tuzish zarurligini ta`kidladi.

«O`rmon xo`jaligi erlarida foydalanilmayotgan imkoniyat ko`p. Masalan, pista, yong`oq, no`xot, loviya kabi xaridorgir mahsulotlar, za`faron, na`matak va boshqa dorivor o`simliklardan qancha daromad olsa bo`ladi! Asal etishtirish ham mumkin. Faqat ilm, izlanish, harakat kerak. Vaqti kelib, o`rmon xo`jaligi alohida yirik sohaga aylanishi zarur» dedi Prezident.

Viloyatda baliqchilikni rivojlantirish masalasiga ham e`tibor qaratildi. Joriy yilda 11 tumanda yangi hovuzlar barpo etish, aholi tomorqalari hamda sholi maydonida Xitoy va Vetnam texnologiyasi asosida baliq etishtirish rejalashtirilgani qayd etildi.

Shu erda parrandachilik, chorvachilik, yong`oqchilikni kengaytirish, meva-sabzavotlarni eksport qilishga oid loyihalar taqdimoti o`tkazildi. Prezidentimiz tadbirkorlar va mutasaddilarga zarur ko`rsatmalar berdi.

    Boshqa yangiliklar