Toshkent viloyati Bekobod shahar prokuraturasi Bekobod shahridagi 5-sonli umumta`lim maktabida bo`lib o`tgan noxush voqea yuzasidan tergov oldi tekshiruv ishlarini o`tkazdi.
Ma`lum bo`lishicha, 2018 yil 3 may kuni Toshket viloyati Bekobod shahridagi 5-sonli umumta`lim maktabining boshlang`ich ta`lim o`qituvchisi M.Hamdamova shu dargohda taxsil olayotgan 1-“j” sinfining to`rt nafar o`quvchisini uy vazifasini tayyorlab kelmaganlikda ayblab, jazo sifatida sinfdagi barcha o`quvchilarning ko`z o`ngida “ikki” bahoni ruchkada ularning peshonasiga yozib qo`ygan.
Ushbu voqeadan xabar topgan mazkur maktabning yana bir o`qituvchisi S.Raxmonova kasbdoshi M.Hamdamovaga nisbatan bo`lgan eski adovati sababli ertasi kuni o`sha o`quvchilarni o`z xuzuriga chaqirib, g`arazli niyatda ularning peshonalariga “ikki” raqamini qaytadan yozib, shu ko`rinishlarida ularni uyali telefon yordamida suratga olgan. Olingan suratni esa internetdagi tarmoqlarga kasbdoshi M.Hamdamova nomidan joylashtirgan.

Internet sahifalarida shov-shuvga sabab bo`lgan bu surat ko`pchilikning noroziligiga sabab bo`ldi.
Tekshiruv natijasida o`quvchilarini xo`rlab, huquqini poymol qilgan ikki nafar o`qituvchi S.Raxmonova va M.Hamdamovalar ta`lim xodimi, degan nomga noloyiq deb topilib, O`zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligidagi tegishli moddalarga muvofiq ishdan bo`shatildilar.
Ta`lim xodimlarining shunday qabih ishlarni qilishlariga zamin yaratib bergan maktab direktori D.Babamuratova hamda besh nafar direktor o`rinbosarlari ham o`z lavozimlaridan ozod etildilar.
Ta`lim-tarbiya ishlaridagi yo`l qo`yilgan kamchiliklari uchun Bekobod shahar xalq ta`limi mudiri M.Qo`ziboevga esa intizomiy jazo chorasi sifatida “Hayfsan” e`lon qilindi.

O`tkazilgan tekshiruv ishlari natijasida shuningdek, maktab uchun davlat tomonidan ajratilgan 21 mln. so`m miqdoridagi pul mablag`i mazkur ta`lim maskanining rahbarlari tomonidan talon-toroj qilinganligi ham aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan Bekobod shahar prokuraturasi O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan jinoyat ishi qo`zg`atdi, dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.






