AsosiyDunyo

Olimlar tashvishda: Ozon qatlamini emiradigan kimyoviy modda sirli ravishda ko`paymoqda

'Olimlar tashvishda: Ozon qatlamini emiradigan kimyoviy modda sirli ravishda ko`paymoqda'ning rasmi

Bir guruh tadqiqotchilar ko`p yillardan beri taqiqlangan CFC (xlorftoruglevodorod) kimyoviy moddalari sharqiy Osiyoning qaysidir hududida yana ishlab chiqarilayotganini aniqlashdi.

Agar aybdorlar topilib, ularning faoliyatiga chek qo`yilmasa erdagi hayotni zararli radiasiya nurlaridan himoya qiluvchi ozon qatlamining qayta tiklanishi yana o`n yilliklarga cho`zilishi mumkin.

CFC kimyoviy moddalari mebel va binolar uchun ko`pik ishlab chiqarishda, aerozol hamda muzlatgich, kondisionerlar uchun freon sifatida ishlatilgan. Ammo ushbu kimyoviy moddalar 1980 yilda Antraktida uzra hosil bo`lgan ozon tuynugi aniqlanganidan so`ng Monreal protokoli bilan taqiqlangan edi. 2007 yildan boshlab CFC kimyoviy moddalari orasida xavfliligi bo`yicha ikkinchi o`rinda turadigan CFC-11 ni ishlab chiqarish sezilarli darajada kamaygan edi.

Atmosferada CFC-11 moddasining ko`payganini Koloradoda joylashgan AQShning National Oceanic and Atmospheric Administration ilmiy tadqiqot markazi xodimi Stefan Montzka atmosferadagi kimyoviy moddalar monitoringini olib boradigan hamkasblari bilan birgalikda aniqlangan.

Stefan Montzkaning aytishicha u bu borada 27 yildan beri ish olib borgan va ushbu kimyoviy moddaning atmosferada katta xajmda topilishi uning uchun eng kutilmagan holat bo`ldi. “Biz nima sodir bo`layotganini va bu holatning sabablarini aniqlashga harakat qilayotgan atmosfera izquvarlari sifatida faoliyat olib borayapmiz”, deydi u. - “Vaziyat yomon tomonga o`zgarganda biz tezda bayroq ko`taramiz”.

Olimlarning ta`kidlashicha ushbu kimyoviy modda Sharqiy Osiyonnig qaysidir hududida ishlab chiqarilayapti, ammo aynan qaysi mamlakatda ekanligini aniqlash uchun chuqurroq izlanishlar talab etiladi.

BMTning atrof muhit masalalari bo`yicha vakili Erik Solxeym bu borada fikr bildirar ekan “Agar bu moddalarning atmosferaga chiqarilishi davom etsa, ozon qatlamining tiklanishi sekinlashadi. Shu sababli ham bu o`ta jiddiy masala, biz bu atmosfera chiqindilarining qanday vujudga kelganini aniqlab olishimiz hamda kerakli choralarni ko`rishimiz zarur”, deya ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar