Amaldagi tartiblarga ko`ra, jismoniy shasxlarga 10 qutigacha bo`lgan tamaki mahsulotlarini yurtimizga bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo bu galgi “qahramonlar”ni ushbu me`yorlar qoniqtirmagan ko`rinadi.
Yaqinda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda respublikamizga olib kirilishining oldini olishdi.
“Navoiy” chegara-bojxona posti orqali kirib kelgan, qo`shni davlat fuqarolari J.R. va K.B yo`lovchi bojxona deklarasiyasi hamda bojxona xodimlarining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilmasdan turib, ularning har biri 500 qutidan jami 1000 quti tamaki mahsulotini olib kirayotgan paytda to`xtatib qolindi. Qo`shni davlat aksiz markalari bilan markalangan mazkur tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati 15 mln. so`mni tashkil qildi.

"Bekobod avto" chegara-bojxona postida esa qonunbuzarlar tamaki mahsulotlarini bojxona nazoratidan yashirincha olib o`tishning antiqa usulini qo`llashdi. Fuqaro J.Sh. qiymati 10 mln. 400 ming so`mlik sigaretlarni olib o`tish uchun o`zi boshqaruvidagi “Lasetti”ning gaz balloni bahridan o`tib qo`ya qoldi. Ya`ni, bojxona xodimlarining chalg`itish maqsadida 7 turdagi 520 quti tamaki mahsulotlarini gaz ballonini teshib, uning ichiga yashirgancha respublikamizga olib kirmoqchi bo`ldi.
Davlat bojxona qo`mitasi Axborot xizmati xabariga ko`ra, hozirda yuqoridagi holatlar bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.






