AsosiySiyosat

Prezident Andijon tumanidagi «Andijan Silk.Co» qo`shma korxonasi faoliyatiga start berdi

'Prezident Andijon tumanidagi «Andijan Silk.Co» qo`shma korxonasi faoliyatiga start berdi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev ushbu korxonaga tashrifi chog`ida ramziy tugmani bosib, uning faoliyatiga start berdi. Bu erda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Mas`uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi ushbu O`zbekiston – Xitoy qo`shma korxonasida pilla qayta ishlanib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 martdagi qaroriga muvofiq “O`zbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etilgan edi. Uyushma tomonidan bugungi kunda tarmoqni jadal rivojlantirish, sohaga innovasion texnologiyalarni joriy etish, ipak qurtini yangicha usulda parvarishlash, ilg`or davlatlar tajribasini o`rganish orqali pilla sifati va miqdorini oshirish bo`yicha qator ishlar olib borilmoqda.

«Andijan Silk.Co» qo`shma korxonasiga 2 million 100 ming dollar evaziga Xitoyda ishlab chiqarilgan ip yigiruv va tikuv mashinalari keltirib o`rnatildi. Natijada 150 kishi doimiy ish o`rniga ega bo`ldi. Joriy yil oxirigacha ishchilar sonini 300 taga etkazish ko`zda tutilmoqda.

Loyiha to`liq quvvat bilan ishga tushirilgach, yiliga 300 tonna quruq pilla qayta ishlanadi. 2018 yilning o`zida 5,1 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.

Shu erning o`zida pillachilikni rivojlantirish, charm-poyabzal, qurilish materiallari, ip-kalava hamda gazlamalar ishlab chiqarishga mo`ljallangan loyihalar taqdimoti ham o`tkazildi.

Davlatimiz rahbari mazkur loyihalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar