AsosiySport

Toshkent aeroportida jahon chempionlari tantanali kutib olindi (foto)

'Toshkent aeroportida jahon chempionlari tantanali kutib olindi (foto)'ning rasmi

Xabaringiz bor, futbol bo`yicha mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o`rtasida bo`lib o`tgan jahon chempionatida o`zbekistonlik yoshlar bosh mukofot sohibiga aylangandilar.

Bugun jahon chempionlari joy olgan samolyot zaminimizga kelib qo`ndi. Chempionlarimizni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi hamda mamlakat futbol assosiasiyasi mutasaddilari, muxlislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi, deb xabar berdi qo`mita axborot xizmati.

Eslatib o`tamiz, futbolchilarimiz 10-16 may kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahrida bo`lib o`tgan jahon chempionatining guruh bosqichida mezbonlarni 2:0 hisobida mag`lub etgandilar, so`ngra Pokiston terma jamoasi bilan 0:0 hisobidagi durangga imzo chekildi. Chorak finalda yigitlarimiz Nepal terma jamoasidan 2:1 hisobida ustun kelishdi. Yarim finalda esa Burundi terma jamoasi 1:0 hisobida taslim etildi. Hal qiluvchi uchrashuvda yana eski raqib – Pokiston terma jamoasi sportchilarimizga to`qnash keldi. Murosasiz kechgan bellashuvning asosiy vaqtida 1:1 hisobida durang qayd etildi. Penaltilar seriyasida esa omad vakillarimizga kulib boqdi. Shu tariqa musobaqada birinchi marta ishtirok etgan o`zbek yigitlari bosh mukofotga sazovor bo`lishdi.

Qayd etib o`tish lozim, musobaqada Rossiya, Angliya, Braziliya, Belorus, Qozog`iston, AQSh, Tojikiston, Nepal, Pokiston kabi 20dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etdilar.

Ma`lumot uchun, bunday musobaqa 2010 yildan buyon kattalar o`rtasidagi jahon chempionati oldidan tashkil qilinadi. Ushbu turnirga 2010 yilda JARning Durban shahri mezbonlik qilgan. 2014 yilgi musobaqa esa Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo`lib o`tgan. Mana, 2018 yilga kelib mazkur jahon chempionati Rossiyaning Moskva shahrida tashkil etildi va unda o`zbek o`g`lonlari jahon chempionligini tantana qilishdi.

An`anaga ko`ra qahramonlar uchun maxsus sayyohlik avtobuslari ajratildi. Ular avtobuslarda tantanali tarzda 23-sonli mehribonlik uyiga yo`l olishdi. U erda chempionlar uchun mamlakatimiz Prezidenti va O`zbekiston futbol Assosiasiyasi tomonidan turli sovg`alar taqdim etildi.

    Boshqa yangiliklar