AsosiyJamiyat

Endi harbiy xizmatchilarning farzandlari davlat granti asosida o`qishga qabul qilinadi

'Endi harbiy xizmatchilarning farzandlari davlat granti asosida o`qishga qabul qilinadi'ning rasmi

To`lov-shartnoma asosida oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga o`qishga kirgan harbiy xizmatni o`tashda halok bo`lgan ofiserlar, shartnoma bo`yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlarning farzandlari uchun shartnoma puli to`lab beriladi.

O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a`zolarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq, 2018–2019 o`quv yilidan boshlab Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning xizmatdagi ofiserlari, shartnoma bo`yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibi farzandlari uchun:

respublika oliy ta`lim muassasalariga umumiy belgilangan qabul ko`rsatkichlari kvotasidan tashqari, harbiy oliy ta`lim muassasalariga esa kursantlarning umumiy qabul sonidan 5 foizli davlat granti asosida qabul kvotasi ajratiladi.

Kvota asosida kirish hamda davlat granti asosida ta`lim olish huquqiga tegishli vazirlik va idoralarning tavsiyanomalariga ega bo`lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari ega bo`ladilar.

Tavsiyanomalar harbiy xizmatchilarning bevosita boshliqlari (komandirlari) iltimosnomasiga asosan tegishli vazirlik tomonidan beriladi.

5 foizli kvota chegarasida harbiy xizmatchilarning farzandlarini qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi.

Qaror bilan 5 foizli qabul kvotasi quyidagicha taqsimlandi:

Mudofaa vazirligi – 44 foiz; Ichki ishlar vazirligi – 10 foiz; Favqulodda vaziyatlar vazirligi – 3 foiz; Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi – 1 foiz; Davlat xavfsizlik xizmati – 33 foiz; Milliy gvardiya – 10 foiz; Prezidentning davlat xavfsizlik xizmati – 2 foiz.

Bundan tashqari, 2018–2019 o`quv yilidan boshlab harbiy xizmatni o`tashda halok bo`lgan, shuningdek, harbiy xizmatni o`tashda yarador bo`lgan, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron bo`lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo`lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga davlat granti asosida tanlovsiz qabul qilinadi.

Shuningdek, vazirlik va idoralarga 2018–2019 o`quv yilidan boshlab, oldin to`lov-shartnoma asosida oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga o`qishga kirgan, harbiy xizmatni o`tashda halok bo`lgan ofiserlar, shartnoma bo`yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlarning farzandlari uchun shartnoma pulini to`lab berishga ruxsat berildi.

    Boshqa yangiliklar