AsosiyJamiyat

Planshet va poyafzaliga quyma tillalar joylagan firibgar ushlandi

'Planshet va poyafzaliga quyma tillalar joylagan firibgar ushlandi'ning rasmi

Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida yo`lovchilardan biri tilla quymalarni yashirincha olib chiqishning navbatdagi qing`ir usulini “kashf” qildi.

Dehliga parvozi oldidan fuqaro N.Sh. bojxona chegarasidan yashil yo`lak orqali o`tadi. Lekin bu bilan u jismoniy shaxslar uchun joriy qilingan engilliklar va qulayliklarni suiiste`mol qilishga uringan ekan.

Poytaxt aeroportida xizmat olib boruvchi huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda ushbu shaxsning qing`ir qilmishi fosh etildi, deb xabar bermoqda bojxona qo`mitasining matbuot xizmati.

Qarang-ki, fuqaro N.Sh. bojxona xodimlarining ko`zini shamg`alat qilishga urinib, poyafzallarining ostki qismiga 79 gr. og`irlikdagi tilla quymalarni yashirgan ekan.

Shuningdek, qonunbuzar shu bilan kifoyalanmagan. Unga tegishli bagaj ham sinchiklab ko`zdan kechirilganda, yuklar orasidagi 1 dona planshetning nazorat-rentgen apparatidagi tasvirlari shubhali aks etdi.

Shundan so`ng ushbu planshet xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganida, uning orasiga ham juda yupqa qilib ishlangan 215,8 gr. og`irlikdagi quyma tillalar yashirilganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar