AsosiyJamiyat

O`zbekiston TIV Turkmanistonga borayotgan fuqarolarga eslatma berdi

'O`zbekiston TIV Turkmanistonga borayotgan fuqarolarga eslatma berdi 'ning rasmi

Turkmaniston qonunchiligiga muvofiq chet el fuqarolari, jumladan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari Turkmaniston hududiga kirgandan so`ng va belgilangan manzilga etgunlariga qadar, shuningdek, davlat hududida turar joyi o`zgargan hollarda turar joyi bo`yicha migrasiya xizmati organlarida mamlakatga kirgan kunini hisoblamaganda 3 (uch) ish kuni ichida ro`yxatdan o`tishlari lozim. Bu haqda O`zbekiston TIV ma`lum qildi.

Shuningdek, Turmaniston hududidan tranzit o`tuvchi O`zbekiston Respublikasi fuqarolari, agar ularning Turkmanistonda bo`lish muddatlari kirgan kunini hisoblamaganda 5 kundan oshmasa, faqat migrasiya nazorati postlarida ro`yxatdan o`tadilar.

Xalqaro yo`nalishlarda yuk tashish bilan shug`ullanuvchi o`zbek avtotransport vositalarining haydovchilari, agar ularning Turkmanistonda bo`lish muddatlari 5 kundan ortiq bo`lmagan muddatni tashkil etsa, faqatgina Turkmaniston davlat chegarasidagi migrasiya nazorati postlarida aholi punktlari yo`nalishida, shuningdek, belgilangan manzillarga transport-tashish ishlarini amalga oshirishda ro`yxatdan o`tadilar.

Agar ularning Turkmanistonda bo`lish muddati davlat hududiga kirish sanasidan boshlab 5 (besh) kundan ortib ketsa, u holda kirish sanasini qo`shib hisoblaganda 15 kungacha bo`lgan muddatga Turkmaniston migrasiya xizmati organlarida ro`yxatdan o`tadilar.

Mazkur qoidalarni buzganlik uchun fuqarolar 1330 manat (380 $) miqdorida moliyaviy jarimaga tortiladilar hamda 2 yildan 5 yilgacha bo`lgan muddatga mamlakatdan deportasiya qilinadilar.

Shuningdek, jamoat joylarida chekish va Turkmanistonga nos olib kirish taqiqlanganini eslatib o`tilgan.

    Boshqa yangiliklar