Vashington shahri (AQSh)dagi Federal sud markazida ushbu idora direktori Djeremi Fogel O`zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan uchrashdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Federal sud markazi vakillari Adliya vazirini o`zlarining asosiy faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.Unga ko`ra, mazkur markaz AQSh sud hokimiyatining ilmiy-ma`rifiy agentligi bo`lib, adolatli sudlov va sud organlari mustaqilligini ta`minlashni qo`llab-quvvatlaydi.
Uning sud hokimiyatida alohida muassasa sifatidagi maqomi - sud ma`muriyatchiligini takomillashtirish yo`llarini tanqidiy va puxta o`rganishni amalga oshirish va ushbu faoliyatni rag`batlantirish imkonini beradi. Aniq, xolis ma`lumot taqdim etish, siyosat, amaliyot va sud jarayonlarini o`rganish, ularni puxta va ochiq tahlil qilishni rag`batlantirish markazning asosiy vazifasi hisoblanadi.
O`z navbatida R. Davletov mezbonlarni O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining asosiy faoliyati va so`nggi yillarda erishgan yutuqlari bilan tanishtirdi. O`zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga kiritilgan yangiliklar, jumladan, Prezidentimizning “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmon haqida ularga so`zlab berdi.
Markaz direktori Djeremi Fogel ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining ustuvor yo`nalishlarini belgilab olishdan manfaatdorligini bildirdi. Tomonlar yuridik sohadagi kadrlarni tayyorlash, sud-huquq tartiboti sohasida AQSh tajribasini o`rganish va huquqiy yo`nalishdagi boshqa masalalarni muhokama qildi.
R. Davletov O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o`z vakolatiga doir barcha sohalar bo`yicha ochiq muloqot va hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, ularbugungi kunda jamiyat oldida turgan huquqiy da`vatlar yuzasidan fikr almashdi.
16.05.2018 10:51
O`zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Vashingtonda Federal sud markazi vakillari bilan uchrashdi






