Qozog`istonlik hojilar uchun bir xil forma yaratish bo`yicha dizaynerlar o`rtasida o`tkazilgan tanlov nihoyasiga etdi. Bu haqda "Azon" nashri xabar berdi.
Qozog`iston musulmonlar idorasining ma`lum qilishicha, tanlovda 14 dizayner qatnashgan. Hay`at a`zolari tanlovga taqdim etilgan liboslar issiq iqlimda qulay bo`lishi va ularda milliy o`ziga xoslikning aks etishiga e`tibor qaratganlar.
Tanlovda “Abroy kz” firmasi g`olib chiqqan bo`lib, g`olibga umra safariga bilet sovg`a qilingan.
Qozog`iston musulmonlari idorasi raisining o`rinbosari Baurjan Esmaxanning aytishicha, Qozog`istonda uch mingga yaqin ziyoratchini Hajga 18 ta firma olib boradi va hojilar 18 xil kiyimda bo`ladilar. Shu sababli birdamlik va hamjihatlikni ko`rsatish uchun bir xil forma joriy etishga qaror qilingan.
Barchaga ma`lumki, O`zbekiston Respublikasida Haj va Umra ziyoratiga boruvchilar uchun birdamlik va hamjihatlikni ta`minlash maqsadida bir xil forma ta`sis etilgan.






