AsosiyJamiyat

Rossiyada ishlash uchun imtihonga qanday yozilish mumkin

' Rossiyada ishlash uchun imtihonga qanday yozilish mumkin'ning rasmi

Rossiya Federasiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirgan fuqarolar uchun O`zbekiston Respublikasi hududida kompleks imtihon o`tkazishni tashkil etish tartibi to`g`risidagi nizom (5.05.2018 yilda 3006-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan) tasdiqlandi, deb yozadi Norma.

Eslatib o`tamiz, Rossiya Federasiyasining 25.07.2002 yildagi «Xorijiy fuqarolarning Rossiya Federasiyasidagi huquqiy mavqei to`g`risida»gi Federal qonuni 13.3-moddasiga muvofiq, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchilik asoslari bo`yicha kompleks imtihondan (bundan keyin – kompleks imtihon) o`tganlik to`g`risidagi hujjatning mavjudligi xorijiy fuqaroning Rossiya hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun patent olishining majburiy sharti hisoblanadi. O`zbekiston hududida imtihon topshirish imkoniyati O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federasiyasi Hukumati o`rtasida tuzilgan Rossiya Federasiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini tartibli ravishda qabul qilish va jalb etish to`g`risidagi Bitimda nazarda tutilgan.

O`zbekistonda ushbu imtihon 3 ta bosh vakolatli oliy ta`lim muassasasida o`tkaziladi:

  • Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti;
  • I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti;
  • M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali.

Ular bevosita kompleks imtihon o`tkazadigan markazlarni ochishga haqli. Imtihon to`g`risida batafsil – bu erda.

Qabul qilingan hujjatda hujjatlarni qabul qilish tartib-taomili belgilangan. Markaz qabul qilish boshlanganligi haqida o`zining veb-saytida va OAVda e`lon qiladi. E`londa quyidagilar ko`rsatilishi shart: talab etiladigan hujjatlar ro`yxati, ularni qabul qilish muddatlari, markazning manzili va murojaat uchun telefon raqamlari.

Hujjatlarni markaz direktorining buyrug`i bilan tayinlangan mas`ul xodim qabul qiladi. Hujjatlar qabul qilib olinganligi haqida tilxat beriladi, mas`ul xodim esa ularning saqlanishini ta`minlashi shart.

Qabul qilingan hujjatlar asosida markaz direktori imtihon o`tkazish kunini belgilaydi. Kompleks imtihon o`tkaziladigan kundan kamida 3 kun oldin talabgorga bu haqda xabar beriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 8.05.2018 yildan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar