Bugun Olmazor, Uchtepa va Sergeli tumanlariga hokimlar tayinlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Atamuxamedov Shuhrat Maxamadnazimovich Uchtepa tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. U 1975 yil Toshkent shahrida tug`ilgan. Toshkent elektrotexnika aloqa instituti va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
Tayinlovga qadar "O`zbekiston pochtasi" aksiyadorlik jamiyati bosh direktori, avvalroq O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikasiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalari sho``basining mudiri bo`lib ishlagan.

Shuningdek, Husanov Nozim Baxtiyorovich Sergeli tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo`yicha birinchi o`rinbosari lavozimida ishlagan.
U 1976 yil Toshkent viloyati, Zangiota tumanida tug`ilgan. Toshkent avtomobil-yo`llar instituti va Toshkent moliya instituti, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
Nozim Husanov "Mikrokreditbank" ochiq aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruvi raisi, Toshkent shahar hokimining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, xizmatlar sohasi va tadbirkorlik masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Rahmonov Baxtiyor Sultonovich Olmazor tumani hokimi etib tayinlandi. Bunga qadar u Sergeli tumani hokimi lavozimida ishlagan.
Baxtiyor Rahmonov 1959 yil Toshkent viloyatida tug`ilgan. Kiev muhandislik-qurilish institutini tamomlagan.
Mirobod tumani hokimi va Toshkent shahar hokimining kapital qurilish masalasi bo`yicha birinchi o`rinbosari lavozimlarida ishlagan.






