Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida faoliyat boshlaydigan “Qur`on parki”da Muqaddas Qur`onda aytib o`tilgan o`simliklar hamda islomiy qo`lyozmalarda qayd etilgan mo``jizalar ommaga namoyish etilishi rejalangan. Bu haqda "info.islom" nashri xabar berdi.
Mo`jizaviy park qachon ishga tushishi hozircha oshkor qilinmagani hamda parkka kirish bepul ekani ma`lum qilingan.
“Qur`on parki”da “Mo`jizalar g`ori” va “Shisha uy” tashrif buyurgan odamlarda katta taassurot qoldirishi aytilmoqda.
“Park 12 ta bog`dan iborat bo`lib ularda Qur`oni Karim va Sunnatda qayd etilgan o`simliklar mujassam bo`lgan. Ularning ilmiy xususiyati va tibbiy jihatdan foydaliligi, shuningdek, qanday qo`llanilishi ko`rsatib berilgan. Banan, anor, zaytun, qovun, uzum, xurmo, sarimsoq, piyoz makkajo`xori, yasmiq, bug`doy, no`xat, dukkaklilar, zanjabil, rayhon, qovoq va bodring shular jumlasiga kiradi”, - deydi Dubay shahar kengashi Bosh direktori Dovud Abdul Rahmon Al Hajiri.
"alarabiya.net" nashriga ko`ra, “Qur`on parki” quyosh nuridan energiya bilan ta`minlanadi.
Parkka tashrif buyuruvchilar uchun Wi-Fi tizimi, telefonlarni quvvatlantirish shoxobchalari va odamlar dam olishi uchun salqin joylar tashkil etiladi.






