Central Asia Foundation fondi bilan hamkorlikda Nyu-Yorkda “Sharq Ovozi” nomli internet-radio ochiladi.
NNO Central Asia Foundation ta`sischilari bo`lgan o`zbekistonlik hamyurtlarimiz davlatimiz rahbarining rasmiy davlat tashrifi oldidan shunday sovg`a tayyorlashga qaror qilishdi.
Central Asia Foundation Prezidenti Ashraf Zokirovning so`zlariga qaraganda, radiostansiya ochilishidan maqsad “o`zbek diasporasining yangi joyga o`rganishida yordam berish, urf-odatlarni, tilni unutmasliklariga, foydali axborot manbalariga ega bo`lishlariga ko`maklashishdan iboratdir”.
Shuni ta`kidlash joizki,Central Asia Foundation media loyihalarni amalga oshirishda kattagina tajribaga ega. Masalan, fond 2017 yildan beri Markaziy Osiyo davlatlarining madaniyati, san`ati va sporti haqida ma`lumot beruvchi “Sharq Ovozi” nomli jurnalni chop etib keladi.
– Bizning tariximiz, madaniyatimiz, chegaralarimiz va an`analarimiz yagonadir. Qaerda bo`lishimizdan, taqdir irodasi bilan qaysi yurtda yashashimizdan qat`i nazar bir-birimizga yordam berishimiz lozim. Asosiy maqsadimiz 200 dan ortiq millat yashovchi Shimoliy Amerikada O`rta Osiyo diasporasini yaratishdir. Bu yangi O`zbekiston siyosati bilan hamohangdir”-dedi Ashraf Zokirov Uzbekistan Today nashriga bergan intervyusida.






