Poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanidagi 209-umumta`lim maktabida xizmat burchini ado etish chog`ida mardlarcha halok bo`lgan kapitan Bahrom Jo`raev sharafiga byust o`rnatildi, deb xabar qiladi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Qahramon tahsil olgan maktabda tashkil etilgan tadbirga halok bo`lgan ofiserning otasi Ulug`bek Jo`raev, uning ustozlari, xizmatdoshlari, kursantlar va maktab o`quvchilari taklif etildi.
Haykalning ochilishida qahramonning yoshligi, o`smirligi, uning orzu va intilishlari, ko`rsatgan jasorati bilan bog`liq xotiralar yodga olindi.
Bahrom Jo`raev 1979 yilning 21 noyabrida Toshkent shahrida tug`ilgan. Bolaligidan Vatan himoyachisi bo`lishni orzu qilgan. Bahromning bu orzusi uni Toshkent oliy umumqo`shin qo`mondonlik bilim yurti (hozirgi Qurolli Kuchlar akademiyasi) sari etaklaydi. Otasining aytishicha, oilada yolg`iz o`g`il bo`lgan Bahrom uchun kursantlikning dastlabki yilida qat`iy armiya tartiblariga ko`nikish biroz qiyin bo`lgan. Biroq maqsad sari intilish uning bu sinovlardan muvaffaqiyatli o`tishiga yordam berdi. U namunali ofiser bo`ldi. Bilim yurtini tugatgach, Bahrom bir necha yil davomida Sharqiy harbiy okrug harbiy qismida xizmat qildi.
2005 yil 13 mayda Andijon shahrida ekstremistik kuchlar tomonidan uyushtirilgan fojiali hodisalar xalqimiz irodasini yana bir bor jiddiy sinovdan o`tkazdi. Shu kuni yurtimizning kapitan Bahromov singari fidoyi o`g`lonlari mustaqilligimiz himoyasi, hamyurtlarmiz tinchligi yo`lida ko`ksini qalqon qildi.
– Bahrom bilan bilim yurtida o`qigan kezlari do`stlashganmiz, – deb xotirlaydi uning do`sti podpolkovnik Sarvar Mamayusupov. – U o`sha paytda ham guruhimiz faxri bo`lgandi, endi esa, xalqimiz qahramoniga aylandi. U do`sti uchun hatto jonini ham berishga tayyor ishonchli yigit edi. Bahrom yurtimizda tinchlikni saqlash yo`lida eng aziz narsasini qurbon qilish evaziga o`zining kasbga sadoqatini isbotladi.
Ushbu voqealarda mardlik va jasorat ko`rsatgani uchun kapitan B. Jo`raev vafotidan so`ng O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 23 maydagi farmoniga muvofiq davlat mukofoti, ikkinchi darajali “Shon-Sharaf” ordeni bilan taqdirlandi.
Kapitan B. Jo`raev byusti ochilishiga bag`ishlangan tantanali tadbirda qahramonning otasi Ulug`bek Jo`raevga Mudofaa vazirligi tomonidan bir martalik pul mukofoti va qimmatbaho sovg`alar topshirildi. Kapitan B.Jo`raevning byusti ushbu maktabda tahsil oluvchi navqiron avlod vakillari uchun Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi yo`lidagi qahramonlik, mardlik va jasurlik namunasi bo`lib xizmat qiladi.
12.05.2018 06:44
Halok bo`lgan ofiser sharafiga byust o`rnatildi






