Ayrim xorij internet nashrlarida Andijon shahrida yashovchi 3,5 yoshli bolada bo`g`ma (difteriya) kasalligi qayd etilganligi to`g`risida xabarlar berilgan edi.
Mazkur masalani joyiga chiqib o`rganish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati Bosh boshqarmasi boshlig`ining o`rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi D.Tursunova boshchiligida mamlakatimizdagi etakchi olim va shifokorlardan iborat tezkor guruh tashkil etilib, Andijon shahriga yuborildi.
Joriy yilning 7 may kuni 2014 yil 21 avgustda tug`ilgan A.Shuhratbekov “yiringli-nekrotik angina” birlamchi tashxisi bilan Andijon viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Onasi bergan ma`lumotga ko`ra, bemor bola 5 may kuni muzqaymoq iste`mol qilgan va 6 may kuni unda holsizlanish, injiqlik, rangini oqarishi kabi belgilar paydo bo`lgan. 7 may kuni tana harorati ko`tarilishi, tomoqda og`riq kuzatilgani bois bola viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan.
Shifoxonada mutaxassislar tomonidan bemor ko`rikdan o`tkazilgandan so`ng, unga zamburug`li angina birlamchi tashxisi qo`yilib, o`rtacha og`irlikda reanimasiya bo`limiga yotqizilgan. Shundan so`ng tahlil uchun tegishli biologik namunalar olinib, laboratoriyaga topshirilgan va barcha muolajalar vaqtida o`tkazilgan.
Bemor Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan yuborilgan mutaxassislar tomonidan konsilium qilinib, takroriy tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. Unga yiringli-nekrotik angina va bo`g`maga qo`shimcha tekshirish buyurildi.
Ta`kidlash joizki, bola 2 yoshga to`lgunga qadar milliy emlash jadvaliga muvofiq, bo`g`ma kasalligiga qarshi 4 marotaba emlangan.
Ko`rsatilgan malakali tibbiy yordam natijasida 11 may kuni bemor A.Shuhratbekovning umumiy salomatligi qoniqarli, deb baholandi. U faol harakatlanmoqda, ovqatlanishi yaxshi, isitmasi yo`q. Yaqin kunlarda uyiga javob beriladi va shundan so`ng bemor hududdagi tibbiy patronaj xizmati nazoratiga olinadi.
Joriy yilning 11 may kuni mikrobiologik tahlil natijalari ham olindi. Andijon viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bakteriologiya laboratoriyasining 2018 yil 11 maydagi 56-, 57- va 284-sonli mikrobiologik tekshirish natijalari hamda kasallik klinikasi va kechishi asosida bemorga streptokokk etiologiyali yiringli-nekrotik angina yakuniy tashxisi qo`yildi.
Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabariga ko`ra, ayrim xorij elektron nashrlari tarqatganidek, bemor A.Shuhratbekovga qo`yilgan bo`g`ma kasalligi taxminiy tashxisi tasdiqlanmadi.






