Xorazm viloyat davlat soliq boshqarmasi taqdim etgan ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilning o`tgan davri mobaynida 20 ga yaqin noqonuniy konsert-tomosha faoliyati, ya`ni rasmiy hujjatlarsiz suxandonlik, raqqosalik, xonandalik va sozandalik bilan shug`ullanib kelayotgan fuqarolar faoliyati qonuniylashtirildi. Masalan, Xiva shahrida Muhabbat Kamolova, Urganch tumanidan Umida Sobirova, Umida Abdullaeva hamda Qo`shko`pir tumanida Shahlo Jonibekova maxsus lisenziyasiz, to`ylarda kelishilgan summa asosida raqqosalik bilan shug`ullanayotgani aniqlandi.
Shuningdek, to`y va tantanalarda hech qanday rasmiy hujjatlarsiz suxandonlik faoliyati bilan shug`ullanib kelayotgan gurlanlik O`marbay Allaberganov va xivalik Farrux Abdullaevning noqonuniy faoliyatiga chek qo`yildi. Hududiy davlat soliq xizmati xodimlari tomonidan o`tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida Xiva shahrida Temur Davlatnazarov, Bekzod Ro`zmetov, Urganch tumanida Dilshod Abaev, Shixnazar Ismoilov, Dilmurod Eshyozov, Xonqa tumanidan Mansur Salaev, G`olib Ochilov hamda qo`shko`pirlik Sarvarbek Rahmonovning to`y va tantanalarda lisenziyasiz noqonuniy ravishda xonandalik, sozandalik, doirakashlik hamda ovoz kuchaytirgich xodimi sifatida pullik xizmat ko`rsatib, noqonuniy daromad topayotganliklari aniqlandi.
Ushbu holatlar yuzasidan viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilib, ushbu fuqarolarning faoliyatlarini qonuniylashtirishda tegishli ko`rsatmalar berildi.






