AsosiyDunyo

Tabassum – amerikaliklarning tashrif qog`ozi

'Tabassum – amerikaliklarning tashrif qog`ozi'ning rasmi

Amerikaliklar o`ziga xos xalq. Bu mamlakatda qovoq solib yurgan odamni uchratmaysiz.Tabassum amerikaliklarning tashrif qog`ozi, deya bemalol aytish mumkin.

Amerika Qo`shma Shtatlari (United States of America- USA) Shimoliy Amerikadagi davlat bo`lib, 1776 yil 4 iyulida Buyuk Britaniyadan mustaqil bo`lgan. Uning mustaqilligi 1783 yilning 3 sentyabrida rasman tan olingan.

Er maydoni 9,5 mln. km² bo`lib, jahonda to`rtinchi o`rinda turadi. Aholisi 327 million kishini tashkil qiladi. Ma`muriy jihatdan 50 shtat va Kolumbiya federal okrugidan iborat.

03.jpg

AQShga bir nechta orol hududlari ham bo`ysinadi. Masalan, Tinch okeanidagi Gavayi shtat, Karib dengizida Puerto-Riko va Tinch okeanida Amerika Samoasi, Miduey, Guam va boshqa orollarni misol keltirish mumkin. Alohida maqomga ega Puerto-Riko, Guam, Shimoliy Marian orollari, Amerika Virjiniya orollari, Amerika Samoasi kabi boshqa hududlar maslahat ovoziga ega bo`lib, xohlagan vaqtlarida Vashington bilan munosabatlarni to`xtatishlari mumkin.

Poytaxti Vashington shahri. Mamlakat aholisini amerikaliklar deb atashadi. Shimolda Kanada, Janubda Meksika, dengiz orqali Rossiya bilan chegaradosh. Sohillarini Tinch, Atlantika va Shimoliy Muz okeanlari yuvib turadi.

04.jpg

Qo`shma Shtatlar 1776 yilda Buyuk Britaniyaning 13 koloniyasi birlashishi natijasida tashkil topgan. Biroq mustaqillik uchun kurash 1783 yilgacha davom etadi. 1787 yilda AQSh Konstitusiyasi, 1791yilda esa hukumatning fuqorolarga nisbatan vakolatini cheklovchi Huquqlar to`g`risidagi Bill qabul qilindi. AQSh Konstitutsiyasi jahonda hayotga tatbiq etilgan eng ko`hna yozma konstitusiya bo`lib, dunyo mamlakatlari asosiy qonunlari uchun namuna vazifasini ham o`taydi. 1789 yildan beri konstitusiyaga 27 ta qo`shimcha kiritilgan.

05.jpg

1860 yilarda qulchilik mavjud bo`lgan Janub va sanoati rivojlangan Shimoliy shtatlar o`rtasida kelishmovchiliklar to`rt yil davom etgan fuqorolar urushiga sabab bo`lgan. Shimoliy shtatlarning g`alabasi AQShda qulchilikka barham berdi va parakondaga uchragan mamlakatni birlashtirdi.

Birinchi jahon urushiga qadar AQSh tashqi manfaatlari Shimoliy, Markaziy va Janubiy Amerika hududlari bilan cheklanib turdi. Birinchi jahon urushidan keyin Kongress Qo`shma Shtatlarni xalqaro tashkilotlarga, jumladan, Millatlar Ligasiga kirishiga yo`l qo`ymadi. Bu, o`z navbatida, AQShni xalqaro siyosatdagi ishtirokini chekladi. Ikkinchi jahon urushi davrida AQShning jahon sahnasidagi ta`siri kengaydi va o`tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab AQSh kapitalistik lagerning yadrosi sifatida tan olindi. 1945 yilda AQSh birinchi yadro quroliga ega davlat sifatida tan olindi.

Yalpi Ichki mahsulot bo`yicha AQSh dunyo iqtisodiyotining etakchisi sanaladi. AQShda rasman davlat tili yo`q. Aholi amerikacha ingliz tilida so`zlashadi.

06.jpg

Har bir shtat o`z konstitusiyasiga, Qonunchilik, ijroiya va sud hokimiyatiga bo`linadi. Ko`plab shtatlar hindular hamda Angliya va Fransiya qirollarining nomiga qo`yilgan.

Shtatlar okruglarga bo`lingan. AQSh Aholini ro`yxatga olish Byurosi ma`lumotlariga qaraganda mamlakatda 3 141 okrug bor. Eng kam okrug Delaver shtatida (3ta), eng ko`p okrug Texas shtatida (254ta) joylashgan. Mahalliy aholi punktlarini munisipalitetlar boshqaradi. Konstitusiyaga ko`ra, davlat hokimiyati federal hukumatga berilgan.

Qonun chiqaruvchi oliy organ ikki palatali Kongress bo`lib, quyi palatasi – Vakillar Palatasi, yuqori palatasi Senat, deb atiladi. Oliy ijroiya organ AQSh prezidenti sanaladi. Prezident – davlat rahbari, Qurolli kuchlar oliy bosh qo`mondonidir. Shuningdek, Vise-prezident lavozimi ham mavjud. Oliy sud hokimiyati – AQSh Oliy sudidir. Mamlakatda partiyalar juda ko`p bo`lishiga qaramay, asosiy siyosiy kuch sifatida respublikachilar va demokratlar tan olinadi.

AQShning tashqi siyosati ikki maqsadni – ya`ni davlat va fuqorolarning xavfsizligini ta`minlashni, mamlakat fuqorolarining farovonligini ko`zlaydi.

07.jpg

AQSh infratuzilmasi taraqqiy etgan. Uzunligi 6 506 204 kilometrga teng mamlakat avtomobil yo`llari dunyodagi eng uzun tarmoq sifatida ko`riladi. Temiryo`llari esa 226 427 kilometrdan iborat. AQShda 5194 aeroport va aerodrom mavjud.

Sog`liqni saqlash tizimida 10 milliondan ortiq kishi mehnat qiladi. Tibbiyotga ajratiladigan mablag` bo`yicha AQSh dunyoda birinchi o`rinda turadi. Sog`liqni saqlashga 2,26 trillion dollar sarflanishi aytiladi. Bu bir kishiga o`rtacha 7439 dollar demakdir.

08.jpg

AQSh Nobel mukofotlari soni bo`yicha birinchi o`rinni egallaydi. Bu mamlakatda 350ga yaqin kishi Nobel sohibi bo`lgan. Mamlakat aholisining 97 foizi savodxon.

09.jpg

Aholining 82 foizga yaqini shahar va shaharlar atrofida istiqomat qiladi. Bu mamlakatda yuz ming aholisiga ega 273, bir millondan ko`p aholisi bor 9, ikki milliondan ortiq aholisi bor 4ta shahar bor. Bular Nyu-York, Los-Andjeles, Chikago va Xyustondir.

10.jpg

Bayramlari: noyabr oyining 4-payshanbasida Minnadorlik kuni (Thanksgiving Day), 25 dekabrda Rojdestvo (Christmas), 1 yanvarda Yangi yil (New Year’s Day), yanvar oyining 3-dushanbasida Martin Lyuter King (Martin Luther King, Jr. Day) kuni, fevral oyining 3 dushanbasida Prezident (Presidents' Day) kuni, may oyining so`nggi dushanbasida halok bo`lganlar xotirasi (Memorial Day) kuni, 4 iyulda Mustaqillik (Independence Day) kuni, sentyabr oyining birinchi dushanbasida Mehnat (Labor Day) kuni, oktyabr oyining 2-dushanbasida Amerika kashf qilingani munosabati bilan Kolumb (Columbus Day) kuni, 11 noyabrda Veteranlar (Veterans Day) kuni nishonlanadi.

12.jpg

Amerikaliklar o`ziga xos xalq. Bu mamlakatda qovoq solib yurgan odamni uchratmaysiz.Tabassum amerikaliklarning tashrif qog`ozi, deya bemalol aytish mumkin.

Sharofiddin To`laganov, O`zA

    Boshqa yangiliklar