AsosiyJamiyat

Olti nafar bola Koreya Respublikasiga sog`lomlashtirish uchun jo`nab ketadi

“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi uzoq yillardan beri Koreya Respublikasining bir qancha xalqaro tashkilotlari va Universitetlari bilan hamkorlikda ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Shunday yaqin hamkorlari bular: “JCI-Korea” va Cha Universiteti qoshidagi Pundan Cha Gospitali hisoblanadi. Cha Universiteti qoshidagi Pundan Cha Gospitali shifokorlari 2014 yilning 26 aprel kuni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida jami 50 nafar tug`ma yurak nuqsoni tashxisli bemorlarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazishdi.

Tibbiy ko`rik natijalariga ko`ra, og`ir deb topilgan bemor bolalarning 6 nafari 13 iyul kuni Koreya Respublikasining nufuzli klinikalarida sog`lomlashtirish uchun kuzatuvchilar bilan birgalikda jo`nab ketadi. Ushbu bolalar joriy yilning 25 iyul kuni Koreya Respublikasidan sog`lomlashtirilib yurtimizga qaytib kelishadi.

“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bir qator xalqaro hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bemor va nogiron bolalarni sog`lomlashtirishda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Mazkur yo`nalishda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining Pundan Cha Universiteti gospitali, In Xa Universiteti gospitallarida tug`ma yurak nuqsoni, terining kuyishdan keyingi asoratlari, tug`ma qo`l-oyoq bo`g`imlari va boshqa tashxislar bilan og`rigan O`zbekistonlik bemor bolalarni bepul sog`lomlashtirmoqda.

Ma`lumot o`rnida aytib o`tish joizki, 2010-2013 yillarda hamkorlik doirasida “JCI-Korea” xalqaro yoshlar tashkiloti homiyligida 23 nafar bolalar sog`lomlashtirildi.

    Boshqa yangiliklar