AsosiyJamiyat

O`z akasi va kelinoyisini jahannamga etaklagan uka

'O`z akasi va kelinoyisini jahannamga etaklagan uka'ning rasmi

O`z akasi va kelinoyisini jahannamga yuborgan Doniyor Tohirov (barcha ism shariflar o`zgartirilgan) aslida nopok yo`lga 2013 yilning yozida dastlabki qadamini qo`ydi. O`shanda u uyali telefonida diniy mavzudagi ma`ruzalarni tinglayotgan Salohiddin Omonov degan kimsa bilan tanishib qoladi. Doniyor Salohiddindan ma`ruzalar yozilgan mikrochipni so`raydi. Garchi tegishli ma`lumotga ega bo`lmasalarda, o`zlarini din peshvolari deb bilgan sheriklar tez orada til topishadilar va boshqalarini ham shubhali ta`limotga tortish payiga tushadilar.

Turli ekstremistik ruhdagi ma`ruzalar, davlat siyosatiga qarshi da`vatlar domiga g`arq bo`lgan Doniyor manqurtga aylanganini sezmay ham qoldi. Endi u Suriyaga borib, jangarilar safida shaxid bo`lishni niyatlardi. Akasi Shahriyor Tohirov bilan 2013 yilning noyabrida pul topish ilinjida Rossiyaga ketsada, Suriya davlatida avj olayotgan janglarda qatnashish rejasini tuzadi. Akasining ongiga shu fikrni singdiradi, uni ruhiy jihatdan tayyorlaydi. Shahriyorni shu yo`sin Suriya davlatidagi sheriklari xuzuriga yuboradi. O`zi esa 2015 yilning fevralida O`zbekistonga qaytib keladi. Diniy oqim a`zolarini kengaytirish va Suriyaga jixod qilish uchun o`zi kabi manqurtlarni izlaydi. Xatto kelinoyisi bo`lmish Gulshan Tohirovani avray boshlaydi. Homilador ayol rozi bo`lavermagach, qo`rqitish yo`liga o`tadi. Da`vatlardan zerikkan Gulshan otasinikiga ketib qoladi. Shunda turmush o`rtog`i Shahriyor internet orqali suhbatda Suriyada ekanligini aytib, juvonni yoniga chorlaydi.

Endi Gulshan harakatga tushib qoladi va Doniyordan Suriyaga yuborishni so`raydi. Ayolni ota-onasi ham fikridan qaytarolmaydilar. Ittifoqo Shahriyor janglarning birida xalok bo`ladi. Bu xabarni yashirgan Doniyor kelinoyisini Ukraina va Turkiya orqali manzilgacha kuzatib qo`yadi. Oradan bir qancha vaqt o`tgach Gulshan Tohirova ham noma`lum sabablarga ko`ra halok bo`ldi, degan xabar keladi.

O`z jigarlarini yolg`on g`oya qurboniga aylantirgan Doniyor esa zarracha ham pushaymon chekmaydi, boz ustiga qilmishlarini davom ettiraveradi, toki Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari uni qo`lga olmagunlaricha. Nihoyat “din peshvosi”ning peshonasi devorga “taq” etib urildi. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining bir qancha moddalari bilan Doniyor Tohirov aybdor deb topilib unga ozodlikdan maxrum qilish jazosi belgilandi.

Umrining eng gullagan davrini panjara ortida o`tkazayotgan sobiq fuqaroga Vatan xoini, yaqinlarining qotili degan la`nat tamg`asi bosildi. To`rt devor orasida kechayotgan hayotining qolgan qismida Doniyorni armon azobi, zoyo ketgan umr uvoli qiynashi tayin, agarda unda vijdon, or-nomus, yaqinlariga muhabbat, vatanparvarlik tuyg`ulari bo`lsa.

Bugun yurtimizda keng ko`lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmokda, imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda. Shunday zamonda yashash baxti nasib etgan ekan, bunga chin dildan shukronalar keltirib, savobli, arzirli, salmoqli maqsadlarni niyat qilish, yaratuvchilik yo`lidan borish kerak.

Yuldash nabirasi Bekzod Ozod o`g`li.

"Andijonnoma" gazetasidan olindi

    Boshqa yangiliklar