AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev urush va mehnat faxriylarini tabrikladi

'Shavkat Mirziyoev urush va mehnat faxriylarini tabrikladi'ning rasmi

Toshkent botanika bog`ida Xotira va Qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g`alabaning 73 yilligiga bag`ishlangan bayram tadbiri bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi.

Bu erda Ikkinchi jahon urushidagi sharoit aks ettirilgan. Okop va blindajlar qurilgan, o`sha davr qurol-aslahalari va harbiy texnikalari namoyish etilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu ko`rgazmani ko`zdan kechirdi.

Dunyo tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg`in bo`lgan Ikkinchi jahon urushi insoniyatga mislsiz yo`qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan. Ushbu beshafqat jangda O`zbekistondagi mehnatga layoqatli aholining deyarli yarmi qatnashgan, ularning 500 mingdan ko`prog`i jang maydonlarida halok bo`lgan. Qanchadan-qancha insonlar mayib-majruh bo`lib qaytgan, yana qanchasi bedarak ketgan.

Xalqimiz front hududlaridan ko`chirilgan bir millionga yaqin kishini qabul qilgan. Jumladan, ikki yuz mingdan ziyod bolalarni “Sen etim emassan” deb oilasi bag`riga olgan, bir burda nonini ular bilan baham ko`rib, o`z bolalari qatori voyaga etkazgan.

Xalqimizning bunday bag`rikengligi va olijanobligini, fashizm ustidan g`alaba qozonishga qo`shgan ulkan hissasini butun dunyo e`tirof etadi. Ikkinchi jahon urushi tugagan 9 may kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlanadi.

Bayram tadbirida Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan urush va mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 9 may – Xotira va Qadrlash kuni bilan, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g`alabaning 73 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun xalqimizni tabrikladi.

O`zbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli, estrada xonandalari ijrosida kuy-qo`shiqlar yangradi. Urush yillarining sitamli xotiralari, bugungi tinch-osoyishta hayot qadri aks ettirilgan badiiy chiqishlar qatnashchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

    Boshqa yangiliklar